O‘zbekiston jamoasi «Yo‘l patruli» musobaqasida rekord natija bilan mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi

22

Qo‘qon mezbonlik qilgan ArMI – 2020 xalqaro Armiya o‘yinlarining «Yo‘l patruli» bahsida Vatanimiz sharafini himoya etgan yurt o‘g‘lonlari birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi va bu natija O‘zbekiston jamoasi o‘zining musobaqa tarixidagi eng yuqori natijasini qayd etdi.

Bir necha kun davom etgan murosasiz bellashuvlarda Mudofaa vazirligi harbiy avtomobil nazorati xodimlari Rossiya hamda belaruslik raqiblaridan har tomonlama ustun ekanliklarini namoyish etishdi. Kapitan Mansurjon Akobirov, serjantlar Siddiq A’zamov, Farhod Musaev Makarov pistoleti va avtomatdan o‘q otish, ekstremal boshqarish va yo‘l harakati hodisasi paytida sodir bo‘lishi mumkin o‘t o‘chirish hamda jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatish shartlarini bajarish jarayonida o‘z mahoratlarini namoyish etishdi.

Dasturga ko‘ra jamoalar vakillari so‘nggi ikki shart – avtomobil shinalarini almashtirish va yo‘l harakatini boshqarish (konkursdan tashqari) borasida bahs olib bordi. Kichik serjant Muzaffar Tulyabaev va katta leytenant Jamoliddin Egamberdiev juftligi 1 daqiqa 14 soniyada avtomobil shinasini almashtirib, o‘zlariga topshirilgan vazifani a’lo darajada bajarishdi. Serjant Jo‘rabek Qodirov, Aleksey Serebrov (Rossiya Federatsiyasi) va Aleksandr Sheglov (Belarus Respublikasi) yo‘l harakatini boshqarish shartida eng yaxshi inspektorlar sifatida o‘zlarini ko‘rsatishdi.

Qayd etilgan natijalarga yakuniga ko‘ra O‘zbekiston terma jamoasi birinchi, Rossiya Federatsiyasi ikkinchi, Belarus Respublikasi uchinchi o‘rindan joy oldi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati