QUROLLI KUCHLAR AKADEMIYASIDA BAYRAM SHUKUHI

24

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligiga bag‘ishlab «Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim!» shiori ostida tantanali bayram tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari so‘zga chiqib, mamlakatimizning mudofaa qudrati yildan yilga yuksalib borayotgani, harbiy xizmatchilarimiz xalqaro armiya o‘yinlari va boshqa nufuzli musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilayotganini ta’kidladi. Jumladan, ayni sinovli va murakkab vaziyatga qaramay, joriy yilgi xalqaro armiya o‘yinlarining qator yo‘nalishlarida mamlakatimiz jamoasi etakchi o‘rinlarni qo‘lga kiritayotgani zamirida davlatimizning yuksak e’tibori mujassam ekani qayd etildi.

O‘zbekiston mudofaa vaziri Prezidentimiz farmoniga muvofiq, yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan bir guruh harbiy xizmatchilarni samimiy qutladi. Shuningdek, vazirlikning tegishli ko‘krak nishonlari, navbatdagi harbiy unvonlar va qimmatbaho sovg‘alarni topshirish marosimi tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Tantanali tadbirni Mudofaa vazirligi tasarrufidagi barcha harbiy okrug va oliy harbiy ta’lim muassasalari mutasaddilari video-konferents-aloqa orqali kuzatib, o‘zlarining bayramona tilaklarini bildirdi.

Mudofaa vazirligi markaziy ashula va raqs ansambli  hamda taniqli estrada xonandalari ijrosidagi diltortar kontsert dasturi barchaga manzur bo‘ldi.

Kunning ikkinchi yarmida Qurolli Kuchlari akademiyasining yangi o‘quv binosini foydalanishga topshirish marosimi o‘tkazildi. Bu erda kursantlarning jahon standartlari asosida ta’lim olishlari uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar, o‘quv laboratoriyalari, mashg‘ulot xonalari, kafedralar faoliyati tadbir ishtirokchilariga batafsil tanishtirildi.

Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyaldar departamenti