Murakkab va aniq hisob-kitob talab etiladigan shartlar

8

«Yo‘l patruli» musbobaqasining bir-biridan qiziqarli shartlari ortda qolib, jamoalar g‘oliblik uchun muhim bo‘lgan ochkolarni qo‘lga kiritishda qizg‘in raqobat olib borishmoqda.

Dastlabki uch shart talablariga binoan ishtirokchilar biatlon poygasiga asoslangan bellashuvlarda o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishdi. Musobaqaning to‘rtinchi kuni esa O‘zbekiston terma jamoasi raqiblari bilan parallel parkovka va ekstremal tezlikda belgilangan nuqtaga aniq to‘xtatish borasida bahs olib bordi.

Bu shartda Rossiya federatsiyasi, Belarusь Respublikasi va mamlakatimiz sharafini himoya etayotgan yurt o‘g‘lonlari xuddi ekshn filьmlarida kaskadyorlar tomonidan ijro etiladigan sahna ko‘rinishlari singari xavfli burilish hamda katta tezlikda ekstremal to‘xtash mashqlarini bajarishdi. 100 metrlik masofada avtomobil tezligini soatiga 70 kmdan yuqoriga chiqargan holda belgilangan nuqtaga to‘xtatish borasida rossiyaliklar eng yaxshi natijani qayd etdi. O‘zbekiston va Belarusь Respublikasi jamoalari raqibiga munosib qarshilik ko‘rsatishga harakat qilishdi.

Parallel parkovka shartida katta tezlikda harakatlanayotgan avtomobilni xavfli burgan holda qisqa yo‘lakda chizilgan kvadrat ichida to‘xtatish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. «Yo‘l patruli» musbobaqasida qatnashayotgan jamoa sardorlari ana shunday murakkab va aniq hisob-kitob talab etiladigan bellashuvda yana bir marotaba o‘z mahoratlarini namoyish etishdi. Mazkur shartni bajarish jarayonida musobaqa debyutanti – Belarusь Respublikasi jamoasi birinchi marta raqiblarini ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘tkazilgan to‘rt kungi bahslar natijasiga ko‘ra O‘zbekiston terma jamoasi hamon peshqadamlik qilmoqda.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati