Mutloq g‘alaba

7

29 avgust kuni «Forish» tog‘ poligonida «ArMI-2020» doirasidagi «Harbiy-tibbiy estafeta» musobaqasida  o‘rta va kichik tibbiyot xodimlarining maxsus tayyorgarligi sinovdan o‘tdi.

Xalqaro bellashuv ishtirokchilari «Individual mahorat» bosqichining navbatdagi shartida simulyatsiya vositalaridan foydalangan holda kasbiy mahoratlarini namoyish etdi. Bunda shartli ravishda og‘ir jarohatlangan bemorni jang maydonidan turli usullar bilan olib chiqish, yurak-o‘pka reanimatsiyasi, tomirga dori vositasini yuborish kabi amaliy mashqlar bajarildi.

Bu safar ham o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar musobaqaning qolgan ishtirokchilaridan ko‘ra tayyorgarligi yuqoriroq ekanliklarini namoyish etdi. Kichik serjantlar Valijon Begaliev, Xokimbek Madaminjonov, Shoxruh Ibragimov, Shohida Rahimova, Liliya Manasipova, Saidaxon Abdumo‘minovalar mos ravishda o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha kuchli uchlikni shakllantirib, mazkur shartni bajarish bobida mutlaq g‘alabaga erishdilar.

Musobaqaning bugunga qadar o‘tkazilgan «individual mahorat» bosqichining barcha shartlarida O‘zbekiston jamoasi eng ko‘p ball jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. Umuman olganda, mezbon jamoaning o‘tgan yilgi natijani qayd etib, bosh sovrinni mamlakatda olib qolish imkoniyatlari yuqori baholanmoqda.

Podpolkovnik To‘lqin Jumanazarov,

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti.