Zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimi va elektron ma’lumot bazasi joriy etilgan Mirobod tumani mudofaa ishlari bo‘limi ishga tushdi

19

Mustaqillik bayrami arafasida Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmasi Mirobod tumani mudofaa ishlari bo‘limi ob’ektlari butunlay rekonstruktsiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Kurbanov, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari, nuroniylar, harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Tantanali marosimda mudofaa vaziri so‘zga chiqdi. Keyingi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi va ko‘rsatmalari bilan malakatimiz mudofaa qudrati tobora ortib borayotgani, qo‘shinlar vatanparvar yigitlar bilan butlanayotgani, bu jarayonda ayniqsa, mudofaa ishlari bo‘limlarining roli tobora ortib borayotganini qayd etib, yaratilayotgan sharoitlar va qulayliklar fuqarolar va chaqiriluvchilarning murojaatlarini o‘z vaqtida va tezkor hal etishga, bu esa armiya va xalq yakdilligi ta’minlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

 

Marosimda mudofaa ishlari bo‘limi inshootlarini qurib bitkazgan Begzod Hamzaev rahbarligidagi “ROAF KOMPANI” mas’uliyati cheklangan jamiyati firmasi jamoasiga minnatdorchilik bildirildi. Chilonzor, Yunusobod, Yashnobod, Shayxontohur, Mirzo Ulug‘bek tumanlari mudofaa ishlari bo‘limlariga xizmat avtomobillari, Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Bahrom Qosimovga navbatdagi “polkovnik” harbiy unvoni topshirildi. Shundan keyin mehmonlar ma’muriy binodagi fuqarolarni qabul qilish xonasi, butunlay yangidan qurilgan chaqiriluvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish binosi, oshxona va boshqa ob’ektlar, ularda fuqarolar va chaqiriluvchilarni qabul qilish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar. Ob’ektlarning zarur anjomlar, tibbiyot uskunalari, axborot kommunikatsiya vositalari bilan jihozlangani, ayniqsa mudofaa ishlari bo‘limi faoliyatida shaffoflikni ta’minlash maqsadida videokuzatuv ovozli kameralar o‘rnatilgani yig‘ilganlarni befarq qoldirmadi.

Ma’muriy binodagi fuqarolarni qabul qilish xonasida ishtirokchilarga “Avtomatlashtirilgan axborot tizimi va ma’lumotlar bazasi” axborot tizimi haqida batafsil ma’lumot berildi. Fuqarolarga bir qancha qulayliklar yaratadigan, korruptsiyaning oldini oladigan, ortiqcha sarf-xarajat va vaqtni tejaydigan bu dastur haqida bizga Mudofaa vazirligi tashkiliy-safarbarlik bosh boshqarmasi elektron ma’lumotlar bazasi bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Alisher Ro‘zmetov quyidagilarni gapirib berdi:

– Prezidentimizning “Fuqarolar davlat idoralariga emas, davlat idoralari fuqarolarga xizmat ko‘rsatadi”, degan tamoyili asosida Mudofaa vazirligi hamda “O‘zbektelekom” aktsionerlik jamiyati hamkorligida bir qator ishlar qilindi. Xususan, fuqarolarni onlayn tarzda harbiy hisobga olish va hisobdan chiqarish endilikda “Yagona darcha”da amalga oshiriladi. Buning uchun ikki yuz kilometrdan ortiq optik tolali aloqa kabellari yotqizildi, barcha mudofaa ishlari bo‘limlari eng zamonaviy uskunalar, kompyuter jihozlari bilan ta’minlandi.

Elektron hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida barcha viloyatlar va shahar mudofaa ishlari boshqarmalari Mudofaa vazirligi, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi va boshqa zarur tashkilotlar axborot tizimiga integratsiya qilindi.

Masalan, fuqaro “Yagona darcha” orqali murojaat qilganda, qaysi manzildan qaysi manzilga ko‘chib o‘tayotganligi, uning mehnat faoliyati kabi u haqdagi barcha ma’lumotlar ekranda o‘z aksini topadi. Yosh chegarasiga qarab uning chaqiriluvchi yoki rezerchi ekanligi aniqlanadi. Bundan tashqari tibbiy komissiya shifokorlarining ish jarayonini tuman va shahar mudofaa ishlari bo‘limlari boshliqlari va chaqiriluvchilarning ota-onalari ko‘rib-kuzatishi imkoniyati yaratildi.

Bu dasturning yana bir muhim yangiligi kartotekadagi alfavit kartochkalar va boshqa bir necha qog‘oz shaklidagi hujjatlarga barham berildi. Fuqaro, harbiy hisobda turmagan holatlarda uning shaxsi haqidagi biometrik ma’lumotlar Davlat personallashtirish markazidan olinadi. Dasturda kerakli mutaxassislikni topish, ularni yoshi yoki sog‘ligi bo‘yicha ajratish, shuningdek, statistik va boshqa hisobotlarni tayyorlash imkoniyati mavjud.

Qisqacha aytganda, avtomatlashtirilgan axborot tizimi va ma’lumotlar bazasi avvalo fuqarolarga qulay va tezkor xizmat ko‘rsatishga xizmat qilish bilan birga har bir viloyat, tuman va shahar resurslarini shakllantirishga, zarur statistik ma’lumotlarni olish orqali safarbarlikni takomillashtirishga, kerakli vaqtlarda qo‘shinlarni harbiy xizmatga majburlar bilan sifatli butlashga xizmat qiladi.

Furqat ERGAShEV, Olim BERDIEV suratga olgan.