«ARMY-2020». Harbiy shifokorlarning shiddatli mashqi

34

28-avgust kuni «ARMY-2020» doirasidagi «Harbiy-tibbiy estafeta» musobaqasida shifokorlarning maxsus tayyorgarligi sinovdan o‘tdi.

«Forish» tog‘ poligonida davom etayotgan xalqaro bellashuvning «Individual mahorat» bosqichida to‘siqlar yo‘lakchasini bosib o‘tgan mutaxassislar simulyatsiya vositalaridan foydalangan holda kasbiy mahoratlarini namoyish etdi. Bunda konikotomiya (traxeyaga tashqaridan havo yuborish), torakotsentez (plevra bo‘shlig‘idan havo chiqarish), yurak-o‘pka reanimatsiyasi, tomirga dori vositasini yuborish mashqlari bajarildi. Shuningdek, o‘quv-tibbiy simulyatsiya markazida davom etgan bellashuvda rentgen va elektrokardiogrammani sharhlash, teriga jarrohlik chokini qo‘yish kabilar bo‘yicha amaliy mashqlar bajarildi.

Harbiy shifokorlarning individual bahslarida o‘zbekistonlik tibbiy xizmat katta leytenanti Sanjarbek A’zamov 2019-yilda hamyurti tomonidan o‘rnatilgan rekordni yangilab, 1645 ball to‘pladi. Mezbon jamoaning yana bir vakili tibbiy xizmat mayori Bobojon Elmurodov esa 1435 balli natija qayd etdi. Rossiya jamoasi vakili tibbiy xizmat katta leytenanti Andrey Malaxov 1302 ball bilan kuchli uchlikni yakunladi.

Ayollar bahsi ham barcha tomoshabinlarni hayajonga soldi. O‘zbekiston jamoasi vakili tibbiy xizmat mayori Larisa Xolmamatova qayd etgan natija – 1354 ball qolganlar uchun etib bo‘lmas marra bo‘ldi. Bellashuvda ikkinchi va uchinchi o‘rin rossiyaliklarga nasib etdi. Tibbiy xizmat katta leytenanti Violetta Kistenda 1204, tibbiy xizmat katta leytenanti Nadejda Malaxovada 1101 ball.

Musobaqaning bugunga qadar o‘tkazilgan shartlarida qayd etilgan natijalarga ko‘ra, mezbonlar hamon peshqadamlik qilmoqda. Rossiya jamoasi ikkinchi, beloruslar esa uchinchi.

Podpolkovnik To‘lqin Jumanazarov.

Bahrom Abdurahimov suratga olgan.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti