ArMI – 2020. Harbiy-tibbiy estafetaning qur’a tashlash marosimi o‘tkazildi

18

Xabaringiz bor, Markaziy harbiy okrugning “Forish” tog‘ dala o‘quv poligoni o‘tgan yili bo‘lgani kabi joriy yilda ham xalqaro armiya o‘yinlarining Harbiy-tibbiy estafeta bahslariga mezbonlik qilmoqda.

Bu yil musobaqalarda vakillarimizdan tashqari Tojikiston, Falastin, Rossiya Federatsiyasi, Belarus va Vetnam davlatlarining harbiy tibbiyot xizmati mutaxassislari ishtirok etyapti.

Xalqaro musobaqa shartiga ko‘ra, Harbiy-tibbiy estafeta bahslarida ishtirokchilar individual mahorat va jamoaviy tarkibda g‘oliblik uchun kurash olib boradilar.

Bugun Harbiy-tibbiy estafeta bahslariga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Karantin qoidalariga rioya qilingan holda o‘tkazilgan tadbirda Harbiy-tibbiy estafetada qatnashuvchi barcha jamoalar, Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari, shuningdek, xalqaro musobaqa nizomiga kiritilgan o‘zgarishga binoan faxriy mehmonlar sifatida tadbirga taklif etilgan Mudofaa vazirligi sport markazining jahonga mashhur sport yulduzlari, jumladan, kapitan Nataliya Dolbilina, leytenant Nadiya Dusanova, leytenant Vadim Menьkov, kichik serjantlar Olьga Umaralieva, Gerasim Kochnev va Marina Xmelevskaya ishtirok etdi.

Estafeta bosh hakami sifatida Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Harbiy tibbiyot fakulьteti kafedra boshlig‘i, tibbiyot xizmati polkovnigi Nosirjon Fozilov tanishtirildi.

Qur’a natijalariga ko‘ra jamoalarning individual va jamoaviy tarkibga ko‘ra ishtirok etish tartibi ma’lum qilindi.

So‘zga chiqqanlar ishtirokchilarga omad tilarkan, Harbiy-tibbiy estafetaning joriy etilishi va yildan-yilga nufuzi oshib borayotgani, harbiy tibbiyotchilar o‘rtasida har qanday sharoitda sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida o‘zaro tajribalar almashish bilan bir qatorda, sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga ham salmoqli hissa qo‘shilayotganini ta’kidlashdi.

Podpolkovnik Yoshin HAKIMOV,

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti