Qutlugʻ Vatanga qasamyod bayrami

29

Necha ming yillarki, faqat oʻzini-oʻzi qutqarish bilan ovora boʻlib qolmagan insonlargina ulugʻ ishlarga qoʻl urgan. Jahonni qamragan pandemiya sharoitida har kimning dardi, tashvishi oʻziga yarasha. Vatan himoyachilari esa buyuk maqsadlari yoʻlida mardonavor odimlaydi.

Chirchiq dala oʻquv maydonida Toshkent harbiy okrugiga qarashli harbiy qism va muassasalar, oliy harbiy taʼlim muassasalarida joriy mavsumda muddatli harbiy xizmatni boshlagan askarlarning Vatanga qasamyod tantanalari boʻlib oʻtdi. Tadbir karantin qoidalari asosida tashkil qilindi.

Koʻzlaridan oʻt chaqnab, har qanday sharoitda ona yurt taqdiriga oʻzlarini masʼul bilgan oʻgʻlonlarga Mudofaa vazirining tabrigini vazir oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev oʻqib eshittirdi.

Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi, Oʻzbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev taʼkidlaganidek, nuroniylardan duo olib xizmatni boshlagan askarlarga tarixiy saboqlar olishlari uchun Prezident sovgʻasi sifatida Oʻzbekiston tarixi, Temur tuzuklari kabi kitoblar jamlamasi topshirildi.

Tantanali tadbir soʻngida Vatanga qasamyod qabul qilgan askarlar Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari bilan birgalikda Mudofaa vazirligi madhiyasini ijro etdilar.

Katta leytenant Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti