Joriy yilda abituriyentlarga qanday yengilliklar yaratildi?

111

Keyingi yillarda yosh avlodning harbiy sohaga qiziqishi oshib bormoqda, ushbu sharafli kasbni egallashga ishtiyoq yuksalmoqda. Buni joriy yilda kursant boʻlish istaginin bildirgan yoshlar sonining sezilarli ortgani isbotlaydi. Ayni paytda Mudofaa vazirligi oliy harbiy taʼlim muassasalariga nomzodlarni dastlabki tanlash tadbirlari davom etyapti. Bundan maqsad bilim yurtlariga yuqori intellektual salohiyatga ega, sogʻlom, jismonan baquvvat va ruhan barqaror yoshlarni tanlab olishdan iborat. Ushbu qabul jarayonlarihaqida batafsil maʼlumot olish uchun Mudofaa vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari – harbiy kadrlarni tayyorlash boshqarmasi boshligʻi polkovnik Shermuxammad SAIDAXMATOV bilan suhbatlashdik.

– Ayni kez mamlakatimizda pandemiya sharoiti davom etmoqda. Shundan kelib chiqib, Mudofaa vazirligi oliy harbiy taʼlim muassasalariga nomzodlarni saralash, oʻqishga qabul qilish va imtihonlarni oʻtkazish tartibiga qanday oʻzgartirishlar kiritildi?

 Hozirgi paytda koronavirus pandemiyasi tufayli barcha oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul va kirish imtihonlari soddalashtirilgan holda oʻtkazish choralari koʻrilyapti. Karantin vaqtida yoshlarning respublikamiz oliy taʼlim muassasalariga kirish boʻyicha tayyorgarlik koʻrish imkoniyatlari biroz cheklangani bois Mudofaa vazirining koʻrsatmasiga muvofiq, 2020-yil uchun oliy harbiy taʼlim muassasalariga (OHTM) nomzodlarni saralash, imtihonlarni soddaroq shaklda oʻtkazish boʻyicha yangi tartibni joriy etdik.

Jumladan, har yili OHTM bazalarida nomzodlarni yakuniy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, kompyuter va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha bilimlarini tekshirish, umumtaʼlim fanlaridan yozma imtihon, psixofiziologik oʻrganishlarni oʻz ichiga olgan harbiy-kasbiy tanlov tadbirlari bekor qilindi. Har yili uch bosqichda – tuman, viloyat va OHTM kesimida oʻtkaziladigan nomzodlarning tibbiy koʻrigi yangi vaqtinchalik tartibga asosan ikki bosqichda – tuman va viloyat kesimida oʻtkazilyapti. Sanitariya qoidalariga rioya qilish maqsadida nomzodlarni individual-psixologik oʻrganish va umumjismoniy tayyorgarligini baholash tadbirlari viloyatlar kesimida emas, balki tumanlar kesimida oʻtkazilyapti.

Koronavirus pandemiyasi sharoitida sanitariya qoidalariga rioya qilish maqsadida Davlat test markazi tomonidan olinadigan test sinovlari nomzodlar yashaydigan viloyatlarning oʻzida oʻtkaziladigan boʻldi. Nomzodlar OHTM joylashgan shaharlar (Toshkent va Qarshi)ga kelib oʻtirmaydi.

– Munosib nomzodlarni saralash va imtihon jarayonida shaffoflik qay darajada taʼminlanadi?

– Buning uchun Mudofaa vazirligi komissiyasi tuzilib, ular faoliyatida jamoatchilik vakillari, ota-onalar qatnashadi. Imtihonlarning barcha jarayonlari videotasmalarga toʻliq yozib olinadi.

– Abituriyentlarning test sinovlari qachon oʻtkaziladi?

– Ushbu muddat Davlat test markazi tomonidan hali belgilanmadi. Bu Lekin bu republikamizdagi boshqa oliy taʼlim muassasalarida oʻtkaziladigan davrda, taxminan 1-avgustdan 10-avgust oraligʻida boʻlish ehtimoli bor. Bu haqidagi aniq maʼlumot xalqimizga albatta yetkaziladi.

– Bu yil nomzodlar nechta va qaysi fanlardan test topshiradi?

– Nomzodlar 5 ta umumtaʼlim (3 ta majburiy, 2 ta ixtisoslik) fanlaridan test sinovlari oʻrniga yangi tartibga asosan, faqat 2 ta ixtisoslik umumtaʼlim fanlaridan (matematika va fizika) test sinovlari topshiradigan boʻldi. Bunda ikkala fanga 30 tadan savol berilishi, matematika fanidan bergan har bir toʻgʻri javobga 3,2 ball, fizika fanidan bergan har bir toʻgʻri javobga 3,1 ball berilishi belgilandi.

Shu oʻrinda aytib oʻtish joizki, nomzodlarga OHTMlarga kirish uchun toʻplagan ballari yetmagan taqdirda shu ballari bilan test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasiga mos yana boshqa 4 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishlaridan biriga kirish imkoniyati berilyapti. Har yili OHTMlarga kira olmagan abituriyentlar boshqa oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun oʻz xujjatlarini OHTMlardan olib, ularni boshqa fuqaroviy oliy taʼlim muassasalariga topshirishlari va ularga kirish uchun alohida test sinovlaridan oʻtishlari talab qilinar edi. Endi esa bunday sarsongarchilikka chek qoʻyildi.

– Yuqorida oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kira olmagan abituriyentlar yana boshqa 5 ta taʼlim yoʻnalishini tanlashi mumkinligi toʻgʻrisida aytdingiz. Bu jarayon qanday amalga oshiriladi?

– Bu imkoniyatdan foydalanish uchun oliy harbiy taʼlim muassasalarining dastlabki tanlovlaridan oʻtgan va test sinovlarini topshirishga ruxsat berilgan abituriyentlar abitur.dtm.uz sayti orqali roʻyxatdan oʻtishi zarur. Roʻyxatdan oʻtishda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasiga mos 5 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi, mavjud imtiyozlar va boshqa shaxsiy maʼlumotlar kiritiladi.

Bir vaqtning oʻzida barcha hujjatlar OHTMlarda yigʻilib, saytga belgilangan maʼlumotlarini kiritgan abituriyentlar roʻyxati tuziladi va Davlat test markaziga taqdim etiladi. OHTM uchun test topshirgan nomzodlar oʻzi tanlagan 5 ta yoʻnalish boʻyicha ham test sinovida qatnashgan hisoblanadi.

– Ushbu soddalashtirilgan tartibning afzalliklari nimalarda koʻzga tashlanmoqda?

– Qabul jarayoni soddalashtirilgani sababli test imtihonlariga ruxsat berilgan nomzodlar soni 2019-yilga nisbatan ancha ortdi. Misol uchun, 2019-yili davlat test sinovlarida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasiga bir oʻringa oʻrta hisobda 8,2 nomzod toʻgʻri kelgan boʻlsa, shu kunlarda ushbu bilim yurtiga bir oʻringa 8,9 nomzod toʻgʻri kelyapti, Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik muhandislik bilim yurtida 2019-yili bir oʻringa 8,1 nomzod toʻgʻri kelgan boʻlsa, joriy yilda ushbu raqobat 23 taga yuqoriladi. Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida bu koʻrsatkich 17,8 tani tashkil etyapti (2019-yili 8,1 ta edi). Raqobatning oʻsishi OHTMlarga har yilgidan-da bilimli, intellektual salohiyati yuqori boʻlgan yoshlarni qabul qilish imkoniyatini beradi.

Tibbiy koʻriklar soni qisqartirilgani va harbiy-kasbiy tanlov tadbirlari bekor qilingani sababli respublikamizda koronavirus infeksiyasi yana-da keng tarqalishi ehtimolining oldi olindi. Umuman olganda, koronavirus pandemiyasi tufayli joriy qilingan oliy harbiy taʼlim muassasalariga nomzodlarni saralashning yangi soddalashtirilgan tartibi hozirgi kunda ham amalda aprobatsiyadan oʻtkazilmoqda. 2021 va undan keyingi yillarda ham ushbu tizimni joriy qilish va uni yana-da takomillashtirishni rejalashtiryapmiz. Mazkur qabul tizimi oliy harbiy taʼlim muassasalariga yuqori bilim va intellektual salohiyatga ega boʻlgan, dunyoqarashi va ijodiy fikrlash doirasi keng boʻlgan yoshlarni tanlashga xizmat qilishi shubhasiz.