Markaziy harbiy okrugiga qarashli “Sazagan” dala oʻquv maydoni foydalanishga topshirildi

9

Zamonaviy talab va standartlarga koʻra yangitdan barpo etilgan ushbu dala oʻquv maydonining ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-mayor Baxodir Qurbanov, Samarqand viloyati viloyat hokimi – harbiy-maʼmuriy sektori rahbari Erkinjon Turdimov, Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, Mudofaa vazirligi faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda yoshlar ishtirok etishdi.

Tantanali marosimda “Sazagan” dala oʻquv maydonining qurilishida jonbozlik koʻrsatgan bir guruh harbiy xizmatchilar hamda quruvchi-pudratchi tashkilot vakillari Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Samarqand viloyati viloyat hokimi – harbiy-maʼmuriy sektori rahbari tomonidan ragʻbatlantirildi.

Dala oʻquv maydoni chinakam maʼnoda askar akademiyasidir. Chunki dala oʻquv maydonida harbiy xizmatchi nazariy bilimlarini amalda qoʻllaydi. Shu bois Vatan himoyachilarining ham maʼnan, ham ruhan, ham jangovar tayyorgarligini oshirishda dala oʻquv maydoni muhim oʻrin tutadi.

Tantanali marosimdan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri boshchiligida tadbir ishtirokchilari yangitdan barpo etilgan dala oʻquv maydonida yaratilgan shar-sharoitlar, zamonaviy oʻquv sinflari, tibbiyot punkti, yotoqxonalar, oshxona, sport shaharchasi hamda jangovar texnikalar parkini koʻzdan kechirishdi. Yaratilgan sharoitlar bilan tanishish jarayonida mehmonlar dala oʻquv maydoni oshxonasini oʻzining bejirimligi bilan bugungi kunda shahar markazlarida urf boʻlgan milliy taomlarning zamonaviy oshxonasidan kam emasligini alohida taʼkidlashdi.

Mehmonlar dala oʻquv maydonini kuzatish davomida Markaziy harbiy okrugi harbiy xizmatchilari tomonidan yaratilgan qoʻshinlar jangovar shayligini oshirishga xizmat qiladigan innovatsion ishlanmalar bilan tanishishdi.

Samarali koʻrsatkichga ega ishlanmalar esa Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri tomonidan munosib ragʻbatlantirildi.

Shuningdek, “Sazagan” dala oʻquv maydonida zamon talablariga toʻla-toʻkis javob bera oladigan 30 ga yaqin oʻquv nuqtalarda barcha turdagi jangovar texnika va qurollardan foydalangan holda koʻrgazmali jangovar oʻquv-mashgʻulotlari oʻtkazilib, tadbir ishtirokchilariga namoyish etildi.

Unda yurt himoyachilarining egallagan mukammal kasbiy mahoratini koʻrgan yoshlarda milliy armiyamiz saflarida xizmat qilishga boʻlgan ishtiyoq yana-da oshdi.

Markaziy harbiy okrugiga qarashli yana bir zamonaviy dala oʻquv maydonining tashkil etilganligi endilikda Vatan posbonlarining oʻzgacha usul va uslublarda mashgʻulot oʻtkazishlari uchun keng imkoniyatlar beradi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati