Jizzaxda “Yoshlar kuni” munosabati bilan bir guruh yoshlar taqdirlandi

24

Prezidentimiz taklifi bilan 30-iyun – “Yoshlar kuni” etib belgilangani yoshlar uchun oʻziga xos quvonchli bayram boʻlishi bilan birga, ularni yangi, yuksak marralarga chorlab, Vatanga sadoqatini yana-da kuchaytirayotganida namoyon boʻlmoqda.

Markaziy harbiy okrug miqyosida ham “Yoshlar oyligi” harbiylar va yoshlarda Vatanga muhabbat, yuksak faxr-iftixor tuygʻularini uygʻotish, mehr-muruvvat koʻrsatish, oilaparvarlik, madaniyat, sanʼat, sportga muhabbat, kitobni sevishga yoʻnaltiruvchi tadbirlar bilan boshlangan edi. Xususan, ushbu tadbirlar mamlakatimizda yoshlarga koʻrsatilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlikni oʻzida mujassam etdi.

Xususan, Jizzax garnizonidagi harbiy qismda ham boʻlib oʻtgan turli xil tanlovlar sarhisob qilinib, ular orasidan aniqlangan gʻoliblar harbiy qism qoʻmondonligi va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Jizzax viloyati kengashi tomonidan taqdirlandi.

– Biz yoshlar oyligi doirasida nafaqat harbiylar oʻrtasida, balki ularning farzandlari hamda yoshlarni qamrab olgan holda beshta muhim tashshabbus asosida arqon tortish, kurash, tosh koʻtarish kabi milliy oʻyinlar, kitoblar viktorinasi, milliy raqslar shousi, yosh rassom va hunarmandlar galereyasi, yosh ixtirochi, yosh ijodkorlar ishtirokida nazm va navo kechalari tashkil etdik, – deydi podpolkovnik Lutfullo Jalolov. – Bugun ularni sarhisob qilib munosib taqdirladik va shunga amin boʻldikki, “Yoshlar kuni”ning mamlakatimizda keng nishonlanishi oʻsib kelayotgan yosh avlodni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalovchi, ularni yuksak marralarga chorlovchi beqiyos ragʻbat boʻlib xizmat qilarkan.

Tadbir yakunida Jizzax garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazining harbiy orkestr jamoasi oʻzining diltortar kuy-qoʻshiqlari bilan barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati