Osiyo o‘yinlari sovrindori Zaynab Dayibekova munosib taqdirlandi

0
1065

Xitoyning Xanchjou shahrida boʻlib oʻtayotgan XIX Osiyo oʻyinlarining qilichbozlik sport turi boʻyicha oltin hamda bronza medallarni qo‘lga kiritgan hamyurtimiz, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug sport vzvodi sportchisi, kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchi Zaynab Dayibekovani sharaflashga bagʻishlab Nukusda oʻtkazilgan tantanali tadbirda okrug qoʻshinlari qoʻmondonining buyrugʻi bilan sportchiga navbatdagi harbiy unvon tantanali tarzda topshirildi.

Osiyo Olimpiya kengashi shafeligida oʻtkazib kelinayotgan ushbu Osiyo oʻyinlari tarixida bu yilda eng koʻp ishtirokchini jamlab, bu safar oʻyinlarda qitʼaning 45 davlatidan 12 ming 417 nafar sportchi ishtirok etmoqda.

Toʻrt yillikning eng nufuzli kompleks oʻyinlarida Oʻzbekiston sport delegatsiyasi 38 sport turi boʻyicha 370 nafardan ziyod sportchi bilan ishtirok etib, 32 ta olimpiya, 6 ta noolimpiya sport turlaridagi qitʼa oʻyinlari medallari uchun kurash olib bormoqda.

2023-yilgi Osiyo oʻyinlarida oʻzbekistonlik qilichboz qizlar ilk marta oltin medalni qoʻlga kiritgani yurtimiz sport tarixida oʻchmas iz qoldiradi.

Qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha ayollar terma jamoasi final jangida yaponiyalik raqiblarini magʻlubiyatga uchratib, Osiyo oʻyinlari chempioniga aylandi. Shuningdek, yakkalik bahslarda ishtirok etgan hamyurtimiz Zaynab Dayibekova bu safar bronza medaliga sazovor boʻldi.

Yurtimiz bayrogʻini jahon sport arenalarida yuksaklarga koʻtarib kelayotgan harbiy sportchini sharaflash marosimida soʻzga chiqqanlar tarixiy gʻalabalar bilan Oʻzbekiston obroʻsini butun dunyoga taratayotgan Zaynab Dayibekovaga minnatdorchilik bildirib, mana shunday Toʻmaris avlodlari bilan faxr, iftihor tuygʻusini tuyayotganini izhor etishdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati