Ijod ahli bilan uchrashuv

5

Yoshlar oyligi doirasida Markaziy harbiy okrugda yozuvchi va shoirlar, professor-oʻqituvchilar bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, davra suhbatlari oʻtkazilishi davom etmoqda.

Jumladan, tankchilar batalyoni harbiy xizmatchilari kitobxonlik kuni munosabati bilan Samarqand viloyatida yashab ijod qilib kelayotgan shoira Zuhrabegim Eshonqulova hamda Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, filologiya fanlari doktori, professor Abdurahim Soliyevlar bilan «Kitob eng olis yoʻllarda insonga nur sochib turuvchi sehrli chiroqdir” mavzusida ijodiy uchrashuv oʻtkazishdi.

Uchrashuv chogʻida har ikki ijodkor ham maʼrifatning mangu nuri, abadul-abad yoshlar qalbini munavvar aylab, ularni munosib kamolga yetkazishini taʼkidlab, oʻz ijod namunalari bilan harbiylarni xushnud etishdi.

Yaxshi kitob goʻyoki ummonga oʻxshaydi. Mutolaa jarayonida kitob oʻqiyotganingni esdan chiqarib, asar qahramonlari bilan yashasang, iztirob cheksang, demak, sen oʻsha lahzalarda hayot qonunlarini teranroq anglayotgan boʻlasan, – deydi shoira Zuhrabegim Eshonqulova. – Bugun uchrashuvdan oldin biz harbiylarning kutubxonasida boʻldik va shunga amin boʻldimki, jismonan baquvvat va jangovar salohiyatga ega boʻlish bilan birga, ziyo nuriga oshno yurt posbonlari shubhasiz, Vatanimiz kelajagi, xalqimiz ishonchi va tayanchidir.

Tadbir yakunida ijodkorlar kitobsevar tankchilarning jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashishlarini tilab, oʻzlarining ijod namunalari toʻplangan sheʼriy va badiiy kitoblarini posbonlarga hadya etishdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati