Termizda kuy-qoʻshiqlar va dostonlar aytishuv kechasi oʻtkazildi

4

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga amalga oshirgan tashriflaridan birida Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismlardan birida boʻlib, Surxon vohasining oʻziga xos qadriyatlarini bu yerda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarga oʻrgatish, shuningdek, Termiziylarning hayot yoʻli, ularning ijod namunalari hamda inson maʼnaviy yuksalishida ajdodlarimiz oʻgitlari va falsafasini, jamiyatni rivojlantirishda ular tomonidan olib borilgan ishlarning mazmun-mohiyati, vohamizning milliy qadriyatiga xos boʻlgan baxshichilik sanʼatining ahamiyati yuzasidan zarur topshiriqlar bergan edi.

Ushbu vazifalar ijrosi yuzasidan Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz garnizonida joylashgan harbiy qismda harbiy xizmatchilar orasidan isteʼdodli harbiy xizmatchi yoshlar milliy cholgʻu asboblaridan foydalangan holda oʻz saflarida xizmat qilayotgan doʻstlari bilan “Sanʼatga oshno koʻngillar” mavzusida kuy-qoʻshiqlar va dostonlar aytishuv kechasi oʻtkazishdi.

Kechada harbiy xizmatchilar oʻzlari tayyorlagan kuy-qoʻshiq va dostonlardan parchalar aytish orqali harbiy xizmatchilarning koʻngilli madaniy hordiq chiqarishlariga hissa qoʻshishdi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati