Harbiylar 5 bosqichni oʻz ichiga olgan majmuaviy mashgʻulotlarda toblandi

5

Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida boʻlinmalarning jangovar salohiyatini oshirish mashgʻulotlari yurt posbonlarining oʻzaro hamjihatlikda harakatlanishini taʼminlaydi. Markaziy harbiy okrugda oʻtkazilgan majmuaviy oʻquv amaliy mashgʻulotlar kompleks tarzda uzoq muddat amalga oshirilishi bilan ahamiyatlidir.

Markaziy harbiy okrug harbiy xizmatchilarining besh bosqichdan iborat kompleks mashgʻulotlarida jangovar tayyorgarlikning barcha talablari bir maqsadga yoʻnaltirildi. Yaʼni qoʻshinlarda boʻlinmalarning jangovar salohiyatini oshirishni taʼminlashga.

Maʼlumot oʻrnida keltirish joizki, ushbu jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlari besh bosqichdan iborat boʻlib, dastlabki bosqich hisoblangan mutaxassislar tayyorgarligida jismoniy tayyorgarlik tadbirlari va dasturlarida belgilangan yuklama hamda mashqlar bajariladi. Xususan, aloqa, tibbiy, muhandislik, otish, razvedka va boshqa mutaxassisliklardan tegishli meʼyorlar amalga oshiriladi. Ikkinchi bosqich guruhning jangovar salohiyatini oshiruvchi chidamlilik mashqlarini oʻz ichiga oladi. Bunda marsh yugurish, toʻsiqlardan oʻtish, yogʻoch koʻtarib yugurish, yaradorni jangdan chiqarish, turli sharoitlarda yashovchanlik koʻnikmalari rivojlantiriladi. Eng katta sanalgan uchinchi bosqich jangovar vzvod miqyosida jasurlik, topqirlik, taktik, texnik, muhandislik tayyorgarligi, azimut boʻyicha harakatlanish mashqlari bilan ajralib turadi.

Batalyon taktik saf mashgʻulotlarini qamragan toʻrtinchi bosqichda kun va tun vaqtida taktik saf mashgʻulotlari, oʻquvlari oʻtkaziladi. Oxirgi bosqichda esa harbiy okrugda yakuniy, nazorat va inspektorlik tekshiruvi natijalari umumlashtiriladi. Shu tariqa eng ilgʻor vzvod aniqlanadi.

– Taktik mashgʻulotlarda harbiy xizmatchilarning oʻziga va safdoshlariga nisbatan ishonch hissi ortadi, – deydi leytenant Kozimjon Ismoilov. – Shartli jangdan yaradorni chiqarib, unga tez tibbiy yordam koʻrsatilguniga qadar chor atrofda xavfsizlik nazoratga olinadi. Ruhiy barqarorlashtiruvchi toʻsiqlarni yengib oʻtish ham yurt posbonlaridan oʻz mahoratini namoyish etishni taqozo etadi. Ayni paytda mutaxassislar tayyorgarligiga alohida eʼtibor qaratib, uzviy mashgʻulotlar olib boryapmiz. Bu harbiy xizmatchilarning kuch-qudratini, bilim va salohiyatini yana-da takomillashtirish, kuchaytirishga qaratilgan.

Mutaxassislar tayyorgarligi mashgʻulotlari davomida harbiy xizmatchilar dastlab marsh yurgan holda, jarayonga kirishdi. Merganlar jamoasiga mashgʻulot maydonini muhofaza qilish vazifasi yuklatildi. Ular yuqori nuqtalardan dushmanni kuzatib, nishonga oldi. Harbiy xizmatchilar otish pozitsiyasini egallab, jamoaviy harakatlanishda bir-birlarini himoyaga oldi. Soʻng sunʼiy togʻ toʻsiqlari yoʻlagidagi meʼyorlar bajarildi.

Muxtasar aytganda, ushbu mashgʻulotlar boʻlinmalarning jipsligini, dala oʻquv koʻnikmalarini oshirish, oʻquvlarni real jangovar vaziyatlarga yaqinlashtirilgan holda tashkil etib, nostandart qaror qabul qilish, jismoniy chiniqishni taʼminlovchi samarali usuldir. Bu orqali komandirlarda boshqaruv malaka va koʻnikmalari oshib, shaxsiy tarkibda harbiy jamoaning yuqori axloqiy-ruhiy sifatlari tobora yuksalib boradi.

Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti