“Adiblar xiyoboni”da Toshkent harbiy okrugi tasarrufidagi harbiy xizmatchilar va taniqli ijodkorlar ishtirokida mushoira kechasi tashkil etildi

7

Bugun, 6-may kuni Toshkent harbiy okrugi tasarrufidagi bir guruh harbiy xizmatchilar poytaxtimizning soʻlim “Adiblar xiyoboni” maskaniga tashrif buyurdi.
Oʻziga xos format va dizaynga ega boʻlgan ushbu bogʻda oʻzbek adabiyotining oʻtmishi va buguni qad rostlagan, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Mashhur shoir va yozuvchilarimiz haykallari poyida boshlangan ijodiy suhbatlar chin maʼnoda sheʼriy bahrubaytlarga aylanib ketdi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi shoir Abdumajid Azimov, Farogʻat Xudoyqulova, Maʼmura Zohidova, Dilmurod Doʻst, Mahfuza Imomova va qator ijodkorlar oʻzlarining samimiy ashʼorlarini yigʻilganlarga taqdim etishdi.
Harbiy xizmatchilar orasidan ham ijodkor-yoshlar turli mavzudagi sheʼrlar bilan davraga fayz kiritdi.

Navoiy, Ogahiy, Mahtumquli, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Muhammad Yusuf ijodidan koʻplab sheʼrlar qayta va qayta jarang sochdi. Ayniqsa, Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning turmush oʻrtogʻi Nazira As-Salom ishtirokidagi suhbatlar barchaga birdek manzur boʻldi.

“Adiblar xiyoboni” haqiqiy maʼnoda adabiyotimiz haqida soʻzlovcha katta kitob ekani, uni tez-tez oʻqish, his qilish barcha uchun muhim vazifaligi yigʻilganlar tomonidan bot-bot taʼkidlab oʻtildi.

Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati