Yoshlar dilida quvonch, shukronalik hamda ertangi kunga ishonch hislari hukmron

1

Vatan himoyachilari va ularning oila aʼzolarining ijtimoiy himoyasi doimo davlatimiz eʼtiborida. Xususan, Prezidentimizning 2018-yil 14-maydagi Qaroriga asosan har yili harbiy xizmatchilarning farzandlariga kvota asosida Respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun tavsiyanomalar berilayotgani ham fikrimizning amaldagi isbotidir. Shu kunlarda Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy xizmatchilarning farzandlariga ana shunday tavsiyanomalar tantanadi ravishda topshirilmoqda.

Joriy yilda Mudofaa vazirligi tizimida koʻp yillardan beri xizmat qilayotgan 964 nafar, xizmat burchini ado etish paytida halok boʻlgan yoki ogʻir jarohat olgan 90 nafar yurt himoyachilarining farzandlariga tavsiyanomalar topshirildi. Qayd etish kerakki, mazkur tavsiyanoma mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshgan, jangovar xizmatda safdoshlariga har tomonlama oʻrnak boʻlgan harbiy xizmatchilarning oliy taʼlim muassasasiga kirish istagida boʻlgan farzandlariga topshiriladi.

Qurolli Kuchlar akademiyasining 39 nafar jonkuyar va tashabbuskor harbiy xizmatchilarining farzandi tavsiyanomaga ega boʻldi. Shuningdek, Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligi, Toshkent, Sharqiy, Markaziy, Shimoli-gʻarbiy hamda Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okruglarida ham harbiy xizmatchilari yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi yoʻlida kunu tun xizmat qilib kelmoqda. Bugun ana shunday yurtga fidoyi bir guruh harbiy xizmatchilarning farzandlari ham oliy taʼlim muassasasiga kvota asosida oʻqishga kirishda qoʻl keladigan imtiyozga ega boʻldilar.

Taʼkidlash kerakki, mazkur tavsiyanomaga ega boʻlgan yoshlarga taʼlim muassasalariga umumiy belgilangan qabul koʻrsatkichlari kvotasidan tashqari respublika oliy taʼlim muassasalari uchun – 5 foizlik davlat granti asosida qabul kvotasi ajratiladi.

Imtiyozni qabul qilib olgan yoshlar dilida quvonch, shukronalik hamda ertangi kunga ishonch hislari hukmron. Qilingan xizmat hech qachon beeʼtibor qolmaydi. Farzandiga berilayotgan bunday eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan harbiylarimiz ham mamnun.

Endi bu imtiyoz mustaqil hayotga uchirma boʻlayotgan yoshlar uchun yuqori marralarni zabt etishlarida qoʻsh qanot vazifasini oʻtashi aniq.

Mayor Shunqor BOʻRIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti, III darajali serjant Olim BERDIYEV suratga olgan