Harbiy shaharchada arzonlashtirilgan savdo yarmarkasi oʻtkazildi

1

Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash, uni oldini olish borasida muayyan ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Aholining koʻchaga, gavjum joylarga chiqmasdan, ehtiyot boʻlib uyda oʻtirishi va buni taʼminlash ham shunday tadbirlardan sanaladi. Ammo eng zarur ehtiyoj vositalari uchun chiqishga ham majbur boʻlasiz.

Harbiy shaharchalarda harbiy xizmatchilarning oila aʼzolariga bu borada koʻmaklashish, qulaylik yaratish maqsadida arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari savdo yarmarkalari oʻtkazib kelinmoqda. Bugun, 23-may kuni Sharqiy harbiy okrug tasarrufidagi Andijon shahrida joylashgan harbiy shaharchada shunday yarmarka boʻlib oʻtdi.

Unda arzonlashtirilgan bir necha xil oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa ehtiyoj mollari harbiy xizmatchilarning oila aʼzolariga karantin qoidalariga rioya qilingan holda taklif etildi.

Mahsulotlarni xarid qilganlar yarmarka tashkilotchilariga oʻz minnatdorchiligini bildirishdi.

Bunday savdo yarmarkalarining alohida rejaga asosan har bir garnizonda oʻtkazilishi davom etmoqda.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati