Parvozda – amaliyot oʻtayotgan kursantlar

1

Shu kunlarda amaliyotga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy aviatsiya bilim yurtining ikkinchi va uchinchi bosqich kursantlarining bir guruhi Toshkent harbiy okrugi hududida joylashgan “Chirchiq” aerodromida amaliy parvoz mashqlarini bajarishmoqda.

Tinchlik har doim eng aziz, eng ulugʻ neʼmat boʻlib kelgan. Shukurkim, bugun mamlakatimizda osudalik hukmron, hayotimiz tinch va farovon, osmonimiz musaffo. Ana shu barqarorlikni taʼminlashda Qurolli Kuchlarimizning muhim tarkibiy qismi boʻlgan Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari mutaxassislarining ham ulushi salmoqli.

Taʼkidlash kerakki, ikkinchi bosqich kursantlari mazkur amaliy mashgʻulotda ilk marotaba parvoz qilishmoqda. Rejaga muvofiq ular parvozgacha boʻlgan tayyorgarlikdan oʻtgach, uchish apparatlarini belgilangan masofada boshqarish, havoda muallaq turish, yerga yaqin boʻlgan masofada parvoz qilish kabi qator mashqlarni bajarishdi. Mutaxassislarning fikricha, kursantlar mashqlarini oʻzlashtirishda, vertolyotlarni boshqarishda hech qanday qiyinchilik sezayotgani yoʻq. Sababi Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy aviatsiya bilim yurtidagi mavjud soʻngi rusumdagi trenajyorlarda bilim va koʻnikmalarini oshirgan. Bugungi parvozlarda esa olgan nazariy koʻnikmalar ularga juda qoʻl kelmoqda.

Mashgʻulotlarda oʻqitishning yangi usul va uslublari amaliyotga joriy qilingani, “Ustoz-shogird” anʼanasiga muvofiq har bir kursantga tajribali mutaxassislar biriktirilgani boʻlgʻusi uchuvchilar uchun sohani mukammal oʻzlashtirish imkoniyatini bermoqda.

Ayni paytda bilim yurtining uchinchi bosqich kursantlari ham parvoz mashgʻulotlarida faol. Ular oʻtgan yili 60 soatga yaqin havo kengliklarida parvoz mashqlarini bajargan boʻlsa, joriy yilda 100 soatdan oshiq uchishi rejalashtirilgan. Eʼtiborlisi, har bir parvoz mashqi bosqichma-bosqich murakkablashib boradi.

Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy aviatsiya bilim yurti kursantlarining amaliy parvoz mashgʻulotlari joriy yilning sentyabr oyigacha davom etishi rejalashtirilgan.

Mayor Shunqor BOʻRIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti, III darajali serjant Olim BERDIYEV suratga olgan