Aholi salomatligi – eng muhim talab

1

Mudofaa vazirligi radiatsion-kimyoviy biologik muhofaza qoʻshinlari harbiy xizmatchilari “Sardoba” suv omborining oʻpirilishi natijasida talafot koʻrgan Mirzaobod tumanining Navbahor mahallasida navbatdagi dezinfeksiya ishlarini amalga oshirdi.

Ushbu aholi punktida Sharqiy harbiy okrug harbiy xizmatchilari bir necha kundan buyon tozalash va tiklash ishlarini olib borishmoqda. Ular Fargʻona vodiysidan kelgan quruvchilarning Navbahor mahalla fuqarolar yigʻinida taʼmirlash ishlarini tezkorlik va sifatli olib borishiga ham koʻmaklashmoqda.

Radiatsion-kimyoviy biologik muhofaza qoʻshinlari esa harbiy xizmatchilarning, aholining, quruvchilarning, qolaversa bu hududda mirzaobodliklarga koʻmaklashayotgan barcha-barchaning salomatligini taʼminlash maqsadida koʻcha va xonadonlar, binolarni dezinfeksiya qilmoqda. Vaziyat taqozosidan kelib chiqqan holda Sirdaryoda roʻy bergan suv toshqini natijasida viloyatning uchta tumanida koʻplab insonlar yigʻilishi tabiiy hol. Amalga oshirilayotgan bu ishlar mamlakatimizda amal qilayotgan karantin munosabati va Mirzaobod, Oq oltin hamda Sardoba tumanlarida yuqumli kasalliklarning tarqalib ketishining oldini olishda ayni muddao boʻlmoqda.

Dezinfeksiya ishlari tizimli ravishda Mirzaobod, Oq oltin hamda Sardoba tumanlarining ofatdan zarar koʻrgan barcha aholi yashash joylarida olib borilyapti. Bu hududlarda mahalliy aholiga koʻmak berayotgan insonlar esa oʻzlarining sogʻligiga qaratilayotgan jiddiy eʼtibordan mamnun holda jonbozlik bilan mehnat qilishmoqda.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati