Boʻlinma ekstremal sharoitda maxsus vazifani bajardi

1

Markaziy harbiy okrug boʻlinmalaridan biri Jizzax viloyatidagi togʻli hududlarda va sunʼiy jihozlangan shartli dushman obyektida maxsus mashqlarni bajarish boʻyicha oʻquv mashgʻulot oʻtkazdi.

Dastlab boʻlinma shaxsiy tarkibi harbiy texnikalar vositasida togʻli hududga olib kelindi. Birinchi galda harbiy xizmatchilar tomonidan oʻzlari turgan joy va shartli dushman obyektigacha boʻlgan masofa va yoʻnalish aniqlab olindi. Suvli toʻsiqdan oʻtish vaqtida boʻlinma uchta kichik guruhga boʻlinib, harakatlandilar. Shovqinsiz, imo-ishoralar va shartli signallar orqali oʻzaro harakatni muvofiqlashtirgan shaxsiy tarkib belgilangan vaqtda marraga talafotsiz yetib bordi va mashgʻulotning ikkinchi bosqichiga jalb qilindi.

Yuksak professional tayyorgarlikka ega harbiylar sunʼiy jihozlangan shartli dushman obyektida harakatlanib, noqonuniy qurollangan guruhlar bilan yaqin masofada jang olib bordi. Komandir boʻlinmani jangovar ikkilik va uchliklarga ajratdi. Ular otish pozitsiyalarini oʻzgartirib, tezkor va chalgʻituvchi taktik harakatlar bilan shartli dushmanga tashlandi.

Oldindagi asosiy vazifa – begunoh asirlarni qutqarish va toʻsatdan paydo boʻlgan xavfning oldini olish turardi. Mahorati yuksak harbiylar bu ishni ham uddalashdi.

Maxsus mashqlarni bajarish davomida koʻp yillik xizmat tajribasiga ega boʻlgan ofitser va serjantlar yuksak saviyada yetakchilik qobiliyatiga ega ekanini namoyon qildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati