Navbahor va Bahoristonni bogʻlovchi ponton koʻprik barpo etildi

6

Joriy yilning 1-may kuni Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba” suv omborida yuzaga kelgan toʻgʻon oʻpirilishi oqibatida fuqarolarning uylari hamda tomorqalariga shikast yetdi. Xususan, aholi yashash punktlarini oʻzaro bogʻlab turgan yoʻllar va ayrim koʻpriklar yaroqsiz holga keldi. Mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida Mudofaa vazirligi muhandislik qoʻshinlari ponton koʻprikchilar vzvodi va Sharqiy harbiy okrug muhandislik texnik otryadining shaxsiy tarkibi mavjud vaziyatni oʻrganish va yoʻllarni taʼmirlash maqsadida voqea joyiga birinchilar qatorida yetib bordi.

Toshqinda viloyatning Mirzaobod tumani, Navbahor va Bahoriston mahalla fuqarolar yigʻinini oʻzaro bogʻlab turgan 50 metrdan ortiq koʻprikning ikki cheti suv toshqini sababli oʻpirilib tushgan. Natijada ikkinchi tomonga harakatlanishning mutloqa imkoni boʻlmay qoldi. Fuqarolarga oʻz uylaridan xabar olishlari uchun qariyb 150 km masofani aylanib oʻtishga toʻgʻri kelayotgandi. Vaziyatni oʻnglash, muammoni bartaraf etish maqsadida yurt oʻgʻlonlari zararlangan koʻprik va yoʻl qismlarini tezlik bilan tiklash ishlarini boshlab yubordi.

Dastavval yuqori suv oqishi natijasida yerning boʻshab qolgan joylari texnikalar vositasida tozalandi. Shundan soʻng ochilgan joy tekislandi hamda tosh va qumlar yotqizildi.

Harbiy xizmatchilar anhor ustiga suniy koʻprik, yaʼni panton koʻprigini barpo etish uchun ishga kirishdilar. Belgilangan nuqtaga olib kelingan pontonlarni avtomashinaning oʻz suvga tashlaydi. Muhandislar esa tezlik va aniqlik bilan harakatlanib, ponton yonlarini bir-biriga mustahkamlashlari darkor.

Shunday qilib Navbahor va Bahoriston aholi yashash punktlarini bir-biri bilan bogʻlash uchun vaqtinchalik ponton koʻprigi yotqizildi. Yuk mashinalarini ham koʻtarish imkoniyatiga ega boʻlgan ushbu muhandislik inshooti ishga tushib, maxsus texnikalar kolonnasi va shaxsiy tarkibning hamda fuqarolarni narigi qirgʻoqqa xavfsiz oʻtishi taʼminlandi.

Sirdaryolik yurtdoshlarimizga yaqindan koʻmak berayotgan Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari koʻrsatayotgan matonat, gʻayrat va shijoat sabab odamlarning hayot darajasi yana oʻz iziga tushmoqda.

Shohruh SAIDOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti muxbiri