Mardlar jasorati qalblarda mangu

8

2001-yil 29-iyun. Toshkent viloyatining Ohangaron tumani togʻli chegara hududida shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Alimardon Karimov jangovar vazifasini bajarayotib, mardlarcha halok boʻldi…

Alimardon Karimov 1982-yil 22-noyabr kuni Namangan shahrida tugʻilgan. Namangan shahar 24-oʻrta maktabda tahsil olgan. Qisqagina hayoti davomida u oʻzidan yorqin va unutilmas iz qoldirdi.

U Vatan tinchligini asrash yoʻlida aziz jonini qurbon qildi. Uning jasorati bugun voyaga yetayotgan yosh avlod uchun vatanparvarlik namunasi oʻlaroq tarix sahifalariga bitildi.

Xotira va qadrlash tadbirlari davom etayotgan kunlarda Namangan viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi boshligʻi Elmurod Hojiahmedov boshchiligidagi bir guruh harbiy xizmatchilar marhum shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Alimardon Karimov tugʻilib oʻsgan xonadonga borishdi.

Alimardonning yaqinlaridan hol-ahvol soʻralib, ularga moddiy va maʼnaviy taskin ulashildi.

Ha, qahramonlar oʻlmaydi, ularning jasorati ming-minglab yuraklarda mangu yashaydi. Yangi avlod ularni doim yod etib, xotirasiga hurmat bajo keltiradi.

Bugun Namangan viloyatining Namangan tumanidagi koʻchalardan biriga Alimardon Karimov nomi berilgan.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati