Xorazm viloyatining chekka tumanlarida ham “koʻrinmas yov”ga qarshi kurash olib borilmoqda

8

Koronavirus infeksiyasining mamlakatimiz hududlari boʻylab tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik, aholi salomatligini saqlash maqsadida oʻtkazilayotgan profilaktik dezinfeksiya ishlari Xorazm viloyatining Bogʻot va Hazorasp tumanlarida ham samarali olib borilmoqda.

Tumanlardagi koʻp qavatli binolarning kirish qismlari, aholi xonadonlari, postlarda avtoulovlar, korxona va tashkilotlar, koʻchalar, savdo majmualari, jamoat joylari hamda boshqa joylarda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlarining mutaxassislari, tuman Ichki ishlar, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar boʻlimlari vakillari, Sanitar-epidemiologik osoyishtalik markazlarining mutaxassislari hamda joriy yilda armiyaga chaqirilgan, ammo ketishi maʼlum sabablarga koʻra kechiktirilgan chaqiriluvchilardan iborat koʻngillilar otryadlari tomonidan dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda.

Aholi oʻrtasida yuqumli kasallik tarqalishining oldini olish hamda vatandoshlarimizning salomatligini saqlash maqsadida dezinfeksiya tadbirlari doirasida ovoz kuchaytiruvchi vositalar orqali targʻibot-tashviqot ishlari oʻtkazilmoqda.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati