Qulay sharoitlar Vatan himoyachilarining xizmatiga unum bagʻishlamoqda

10

Sirdaryo viloyatida sodir boʻlgan talafot oqibatlarini bartaraf etish ishlarida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tarkibidan ham koʻplab texnika va harbiy xizmatchilar jalb etildi. Harbiy xizmatchilar oʻzlari uchun qarorgohlar tiklashib, tizimli ishlar olib borish uchun munosib sharoitlar yaratishdi.

Viloyatning Oq oltin tumani hududida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi harbiylari tomonidan tiklangan harbiy shaharchada ham zarar koʻrgan hududlarni obod qilish yoʻlida xizmat qilayotgan harbiylar uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo qilingan. Yotoqxona, oshxona, hammom, yuvinish joylari barcha sanitar-gigiyena talablariga toʻliq javob beradigan tartibda faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, kun yakunida harbiylarning maroqli hordiq chiqarishlari uchun maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik, axloqiy-ruhiy taʼminot hamda maʼnaviy hordiq chiqarish xonalari xizmat koʻrsatmoqda. Oʻz navbatida karantin qoidalari ham bir lahza boʻlsin, yoddan koʻtarilgani yoʻq. Harbiylar orasidagi ijtimoiy masofa saqlash, doimo niqobda boʻlish, shaxsiy va jamoat gigiyena qoidalariga amal qilish singari tartiblar kuchli nazoratga olingan. Har bir xona, jihozlar, hovli va uning atrofi kun davomida bir necha martadan dezinfeksiya qilinib, tozalikka alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Harbiylarga yaratilgan bu kabi sharoitlar ularning yana-da shijoat va har yangi kunda yangi kuch bilan xizmat qilishlari uchun zamin hozirlaydi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati