Harbiy shifokorlar Oqqo‘rg‘on aholisini tibbiy tekshiruvdan o‘tkazdi

0
1050

Polkovnik Nosirjon Fozilov boshchiligidagi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalining malakali harbiy shifokorlari Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumani aholisini tibbiy tekshiruvdan o‘tkazdi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda aholi salomatligini muhofaza qilish, odamlar tibbiy madaniyatini yuksaltirish va bemorlar dardiga malham bo‘lib, ularning jamiyatdagi qadrini ulug‘lash davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Natijada endilikda xastalikka chalingan bemorlarning hududga yaqin shaharlar yoki poytaxtga borib, tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va davolanishiga hojat qolmayapti.

Bu jarayonda sog‘ligidan shikoyat qilayotgan bemorlar joyida bepul sifatli tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, tibbiy yordamga muhtojlik darajasi aniqlanmoqda. Yuqori tibbiy amaliyot talab etiladigan murojaatchilarga shu yerning o‘zida imtiyozli davolanish uchun yo‘llanmalar rasmiylashtirib berildi.

Oqqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasining ko‘r tarmoqli markaziy poliklinikasida erta tongdan tashkil etilgan sayyor tibbiy ko‘rik ham hudud aholisining sog‘ligini muhofaza qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Ma’lumki, Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali bugun zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan. Gospital jamoasi ham yuqori malakali, o‘z ishining ustasi bo‘lgan qo‘li yengil harbiy shifokorlardan tashkil topgan. Bu esa sayyor tibbiy qabulga kelgan tuman aholisi uchun qo‘l keldi. Turli xil kasallik va sog‘ligidagi muammosi bilan kelgan fuqarolar malakali harbiy shifokorlardan maslahatlar olishdi. Zamonaviy tibbiyot uskunlarida o‘z salomatligini tekshiruvdan o‘tkazib oldi.

Tibbiy ko‘rik chog‘ida kasallik aniqlangan bemorlarga tegishli shifoxonalarga yo‘llanmalar berildi. Davolanish va kasalliklar profilaktikasi yuzasidan maslahat va tavsiyalar bildirildi.
Sayyor tibbiy tekshiruvlar davom etmoqda.

Katta leytenant Islomjon QO‘CHQOROV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting