“ArMI—2018”: O‘zbekiston qo‘shin razvedkachilari kuchli armiya uchligidan joy oldi

40

Joriy yilning 28-iyulidan 9-avgustiga qadar Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk oliy harbiy qo‘mondonlik bilim yurti dala o‘quv maydoni bazasida “Qo‘shin razvedkasi a’lochilari” musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada Rossiya Federatsiyasi, Belorus Respublikasi, Qozog‘iston, Armaniston, O‘zbekiston, Xitoy, Zimbabve va Sudanning qo‘shin razvedkachilari jamoalari o‘zaro bellashdi. Filippin va Hindiston vakillari esa kuzatuvchi sifatida ishtirok etishdi.

Tanlov beshta bosqichda — “Desant bo‘lib tushish va marsh-brosokni amalga oshirish”, “Mexanik-haydovchilar musobaqasi”, “Razvedkachi so‘qmog‘i”ning kompleks to‘siqlarini yengib o‘tish”, “O‘q otish” va “Razvedka bo‘linmasining vazifani bajargandan so‘ng yig‘in punktiga chiqishi” bosqichlari bo‘ldi.

Bo‘lib o‘tgan barcha beshta bosqich natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonlik qo‘shin razvedkachilari uchinchi o‘rinni egallashdi.

“Musobaqaning barcha bosqichlarida yaxshi natijalarga erishgan holda jamoamiz musobaqa sovrindorlari safidan o‘rin olish uchun astoydil kurash olib bordi va ko‘zlagan maqsadlariga erishdi. Ushbu ko‘rsatkichlarga harbiy xizmatchilarning professionalligi, bilim va ko‘nikmalarining yuksak darajada ekanligi, shuningdek, jamoadagi o‘zaro hamjihatlik va jipslik, g‘alaba qozonishga bo‘lgan ishtiyoq tufayli erishildi”, — deydi o‘zbekistonlik razvedkachilar jamoasi rahbari polkovnik Shuhrat Ikramov.

Ta’kidlash joizki, birinchi o‘rin rossiyalik razvedkachilarga nasib etgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinni Xitoy vakillari egalladi.

 

9-avgust kuni Novosibirsk shahridagi madaniyat va istirohat bog‘ida bo‘lib o‘tgan musobaqaning tantanali yopilishi va g‘oliblarni taqdirlash marosimida musobaqa tashkilotchilari tomonidan g‘olib jamoalarga tegishli diplom, medal, faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari topshirildi. 11-avgust kuni esa Mudofaa vazirligining bir guruh vakillari ishtirokida Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida musobaqa ishtirokchilari tantanali ravishda kutib olindi.

Eslatib o‘tamiz, 2017-yilgi Xalqaro armiya o‘yinlari doirasidagi “Qo‘shin razvedkasi a’lochilari” musobaqalarida ham O‘zbekistonlik razvedkachilar faxrli 3-o‘rinni (Rossiya Federatsiyasi va Xitoydan keyin) egallashgan edi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati