Harbiy shaharchalarda ham dezinfeksiyaga katta eʼtibor qaratilmoqda

7

Koronavirus pandemiyasining mamlakatimiz boʻylab tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik, aholi xavfsizligi va salomatligini himoya qilish boʻyicha Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi hamda qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda har kuni hududlarni dezinfeksiya qilish boʻyicha taktik-maxsus oʻquv mashgʻulotlari olib borilmoqda. Dezinfeksiya ishlarini aynan harbiy xizmatchilar istiqomat qilayotgan harbiy shaharchalarda ham oʻtkazish koʻlami keng.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi hamda Nukus harbiy prokuraturasi hamkorlikda Nukus garnizonidagi harbiy shaharchalarda maxsus texnika va vositalardan foydalanilgan holda dezinfeksiya tadbirlarini olib borishdi. Koʻchalar, aholi istiqomat qilayotgan uylarning podyezdlari hamda boshqa tutash hududlar koronavirus infeksiyasiga qarshi toʻliq dezinfeksiyalandi.

Shuningdek, tashabbuskor guruhlar tomonidan harbiy shaharchalarda istiqomat qilayotganlarning uyda karantinni mazmunli oʻtkazishi uchun kitoblar sovgʻa qilindi.

Mamlakatimiz boshiga ogʻir ish tushganda birinchilardan boʻlib yordamga shoshilgan va tunu-kun blokpostlar himoyasi, shahar va tumanlarda aholini pandemiyadan saqlash uchun dezinfeksiya ishlarini olib borayotgan yurt himoyachilarining uyida intiq kutib oʻtirgan oila aʼzolari uchun ham barcha sharoitlar muhayyo etilmoqda. Harbiy shaharchada mavjud Mudofaa vazirligiga qarashli “Harbiy savdo” Nukus davlat unitar korxonasida birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari yaramarkalari tashkil etilyapti.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati