Bardosh va matonatni sinovdan oʻtkazuvchi kunlar

7

Qatʼiyat, intizom, iroda va sabr. Bugun bizdan talab qilinayotgan eng muhim talablar bular. Zero insoniyat ayni damda bardoshi-yu, matonatini sinovdan oʻtkazuvchi kunlarni boshidan kechirmoqda. Salomatlik va xotirjamlik tushunchalarining mazmun-mohiyati esa bugun har qachongidan ham teranroq anglanayotgani shubhasiz. Har qanday holatda ham Vataniga, xalqiga, Prezidentiga sadoqat bilan xizmat qilishga qasamyod qilgan harbiy oʻgʻlonlar esa ontiga vafoli boʻlib, karantin davrida mamlakatimiz boʻylab tartib-intizomni mustahkamlash, dezinfeksiya tadbirlarini olib borish, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olish, xullas, profilaktik jarayonlarning barcha-barchasida faol ishtirok etmoqda. Ana shunday yurt posbonlari qatorida Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligining Navoiy viloyati, Karmana tumanida joylashgan harbiy qismi oʻgʻlonlari ham bor.

Harbiy qism tashabbusi bilan tuman markaziy dehqon bozori, ulgurji savdo maskanlari, markaziy koʻchalar, aholi yashash hududlari dezinfeksiya qilindi. Shuningdek, kundalik xarid uchun tashrif buyurgan aholiga niqoblar va dezinfeksiya vositalari tarqatildi. Mashinalarga oʻrnatilgan ovoz kuchaytirgich moslamalari orqali karantin qoidalari, shaxsiy gigenaga rioya qilishning ahamiyati va ijtimoiy masofalanish koronavirus kasalligini keskin kamaytirish omili ekani karmanaliklarga yetkazildi.

Shu kabi profilaktik tadbirlar qoʻmondonlikning barcha harbiy qismlarida olib borilmoqda.

Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligi matbuot xizmati