Qoraqalpogʻiston va Xorazmda tashkil etilgan blokpostlar himoyasi mustahkam

10

Mamlakatimiz boʻylab COVID-19 koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, pandemiyadan aholini himoyalash hamda hudud xavfsizligini taʼminlashga Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi ham jiddiy eʼtibor qaratib kelmoqda.

Jumladan, Qoraqalogʻiston Respublikasida hamda Xorazm viloyatida tashkil etilgan oʻndan ortiq blokpostlar hamda karantinga olingan hududlarda mamlakat Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi xodimlari bilan bir qatorda harbiy xizmatchilar ham tunu-kun xizmat olib borishyapti. Jami 100 nafarga yaqin harbiy xizmatchilar blokpost xavfsizligi hamda karantin choralarini nazorat qilib turgan kuch tuzilmalari vakillari bilan hamkorlikda shahar va tumanlarga kiruvchi va chiquvchi avtotransport vositalari hamda ulardagi fuqarolarning harakatini, joriy etilgan karantin qoidalariga amal qilinishi nazorat qilish hamda ularning dezinfeksiyasini taʼminlash kabi bugungi kunning oʻta masʼuliyatli vazifalarni bajarishmoqda.

Blokpostlarda tashkil etilgan navbatchilikni oʻtash joylarida harbiy xizmatchilar va hamkor idora vakillari uchun shart-sharoitlar yaratilgan boʻlib, shaxsiy gigiyena va xavfsizlik talablariga rioya etish taʼminlanmoqda. Maʼsuliyatli vazifani bajarish uchun harbiy va maxsus texnikalardan foydalanilmoqda.

Harbiy okrug psixologlari tomonidan harbiy xizmatchilarning ruhiy holati, ijtimoiy muammolari hamda talablarini oʻrganish boʻyicha blokpostlarda soʻrov va suhbatlar muntazam oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyilgan. Oʻzgalar hayotini saqlab kelayotganlarning ham ijtimoiy himoyasi taʼminlanmoqda.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati