Tashabbuskorlar karantinda harbiy shaharchadagilarga kitoblar sovgʻa qilishyapti

9

COVID-19 pandemiyasi bilan kurashish, tarqalishining oldini olish maqsadida mamlakatimiz boʻylab joriy etilgan karantinda fuqarolarning uylaridan bemaqsad chiqmasligi nazorati kuchaytirilgan bir paytda uyda oʻtirgan yurtdoshlarimiz nima bilan mashgʻul boʻlishi mumkin?

Kun uzogʻi televizor tomosha qila olmaysiz. Bitta yoki ikkita kino koʻrgandan keyin zerikasiz. Biror stol oʻyini oldida ham koʻp vaqtni oʻtkaza olmaysiz. Umuman olganda harakatda boʻlgan odam, ayniqsa oʻqish, koʻchada tengdoshlari bilan koʻp vaqtni oʻtkazib kelgan bolalarga bir joyda bir necha hafta oʻtirishga koʻnikish qiyin.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugiga qarashli Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan birining tashabbusi bilan hududda joylashgan 2-sonli harbiy shaharchada istiqomat qilayotgan harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari uchun “Uyda qolib, kitob oʻqing!” aksiyasi tashkil etildi. Harbiy qism xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari bilan ishlash boʻyicha yetakchi mutaxassis Dilbar Yoʻldosheva hamda kutubxonachi Gulmira Kaipbergenovadan tashkil topgan kichik tashabbuskor guruhi harbiy shaharchada uyma-uy yurib, mana shunday oʻta masʼuliyatli pallada yurt himoyasida turgan harbiylarning oila aʼzolariga kitob ulashdi. Uyda bekor oʻtirgancha kitob oʻqishga daʼvat etishdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati