Harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari uchun arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkasi tashkil etildi

11

Yurtimizda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish borasida amaliy ishlar kuchaytirilgan. Milliy armiyamizning sherdil oʻgʻlonlari yurtimiz osoyishtaligi bilan bir qatorda karantindagi fuqarolar xavfsizligini ham taʼminlashda oʻz hissalarini qoʻshayotgani eʼtiborli.

Harbiy xizmatchilar xizmat taqozosiga koʻra oʻz oilalaridan uzoqda boʻlsalar-da, ularning koʻngli toʻq, oila aʼzolari ham xotirjam. Sababi, ular doim davlatimiz eʼtiborida.

Harbiy xizmatchilarning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligining tashabbusi bilan Fargʻona, Andijon va Namangan garnizonlaridagi harbiy shaharchalarda arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari tashkil etilmoqda.

Yarmarkalarda harbiy prokuratura va sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi xodimlari tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarining sifatliligi va narxlar sunʼiy tarzda oshirilishiga yoʻl qoʻyilmasligi nazoratga olingan.

Koʻzlangan asosiy maqsad, harbiy xizmatchilarimizning oila azolari karantin vaqtida tartib-qoidalarga rioya qilib, uyda boʻlishlari hamda shu orqali koronavirus infeksiyasining tarqab ketishining oldini olishdir.

Bunday savdo yarmarkalari harbiy okrug tasarrufidagi garnizonlarda haftasiga ikki marotaba oʻtkazilishi koʻzda tutilgan. Bu harbiylarimiz oilasi dasturxoniga toza va sifatli mahsulotlar yetkazib berishni taʼminlaydi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati