HAYRIYA: TADBIRKOR HARBIY SHAHARCHADAGILARNI TIBBIYOT NIQOBLARI BILAN TAʼMINLAYAPTI

11

Yurtimiz, xalqimiz uchun bugungi sinovli kunlarda, butun dunyoni jiddiy xavf ostida ushlab turgan Koronavirus pandemiyasining shiddat bilan tarqalishi davrida, barchamizdan kasallikdan himoyalanishni taqozo etadi. Ana shunday damlarda oramizda xayrli ishlarni amalga oshirayotgan tadbirkor va davlat xizmatchilari xalqimizning salomatligini saqlash, pandemiya tarqab ketishining oldini olishga oʻz ulushini qoʻshayotgani quvonarlidir.

Hayrli ishga qoʻl urgan tadbirkorlardan biri – katta serjant Oybek Bayjanovning turmush oʻrtogʻi, “Bekajon” tikuvchilik sexi rahbari Manzura Kurniyazova uch nafar ishchilari bilan birga tashabbus koʻrsatib, Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan biri va 2-sonli harbiy shaharchadagilar uchun tibbiyot niqoblarini tikib, bepul tarqatib kelmoqda.

– Ommaviy axborot vositalari haqida yurtimizga kirib kelgan bu balo haqida har kuni xabar olyapmiz. Shunchalik qoʻrqinchli pandemiyaga qarshi xalqimiz birlashib, bir-biriga yordam qoʻlini choʻzayotganini koʻrib, judayam koʻnglimiz koʻtarildi, – deydi Manzura Kurniyazova. – Shundan keyin ishchilarim bilan birga biz ham hayrli ishga hissamizni qoʻshishga qaror qildik. Bir kunda yuzlab tibbiyot niqoblarini tikishga kirishdik. Asosiysi ularning sifati, yaʼni tibbiyot xodimlari tavsiya berganidek, niqoblarni bir necha qavat qilib tikib boryapmiz. Bu nikoblarni nafaqat harbiy xizmatchilar, balki ularning oila aʼzolariga ham tarqatib beryapmiz. Tikuvchilik seximizda endi har doim yangi tibbiyot niqoblarini saqlab kelamiz. Kimga kerak boʻlsa, bemalol kelib olib ketishi mumkin boʻladi.

Hayrli amalning, albatta savobi boʻladi. Mana shunday damlarda yurtdoshlarimiz salomatligi, kasallik tarqalishining oldini olishga hissa qoʻshayotgan insonlar, albatta tahsinga sazovordir.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati