Askarlarni Nukusdan uyiga qaytarish uchun maxsus poyezd qatnovi yoʻlga qoʻyildi

12

Bugun, 27-mart kuni muddatli harbiy xizmatning belgilangan muddatini Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugning Nukus garnizonidagi harbiy qismlarda oʻtab boʻlgan yigitlarni uylariga eson-omon yetkazish uchun Nukus – Toshkent yoʻnalishida maxsus poyezd qatnovi yoʻlga qoʻyildi.

Armiya saflarida oʻz yitiglik burchini oʻtab boʻlgan askarlarni kuzatish marosimlari qisqartirilgan tartibda oʻtkazildi.

Jumladan, garnizonda joylashgan harbiy qismlarning birida oʻtgan marosimda muddatli harbiy xizmatchilarga namunali xizmati hamda Vatan oldidagi burchni sadoqat bilan bajarganlari uchun minnatdorchilik bildirildi. Barcha sinovlardan muvaffaqiyatli askarlarga harbiy qism qoʻmondonligi tomonidan oʻqishga kirishda imtiyoz beruvchi tavsiyanomalar topshirildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan askarlarni kuzatish, poyezd orqali ularni tashishni tashkil etish jarayonida koronavirus infeksiyasidan maksimal darajada himoyalash va uning tarqalishini oldini olish maqsadida sanitar-gigiyenik talablariga qatʼiy amal qilindi. Jumladan, askarlarni Nukus – Toshkent yoʻnalishi boʻylab tashuvlarni amalga oshirish uchun belgilangan 11 ta vagondan iborat boʻlgan maxsus poyezdning tashqi va ichki qismi Nukus harbiy gospitali hamda radiatsion, kimyoviy va biologik himoyalanish boʻlinmalari tomonidan dezinfeksiya vositalari bilan zararsizlantirildi. Uyga qaytayotgan askarlar shaxsiy gigiyena vositalari hamda tibbiyot niqoblari bilan toʻliq taʼminlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati