Mudofaa vazirligi tomonidan koronavirus pandemiyasini bartaraf etish boʻyicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda

14

Koronavirus tufayli xalqimiz jiddiy sinovli damlarni boshdan kechirmoqda. Ayni vaziyatda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi ham koronavirus covid-19 kasalligiga qarshi kurashish maqsadida bor imkoniyatlarni safarbar etishga tayyor.

Mamlakatimiz xavfsizligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini asrab-avaylash harbiy xizmatchilarning asosiy vazifasidir. Koronavirus pandemiyasi ham deyarli barcha sohalardagi joriy holatga taʼsir qildi, yurtdoshlarimizning salomatligiga xavf solmoqda. Shu bois Vatan himoyachilari tomonidan ushbu ofatni bartaraf etish boʻyicha koʻplab ishlar amalga oshirilyapti. Mudofaa vazirligi markaziy apparatida tuzilgan tezkor shtabda qilinayotgan barcha ishlar muvofiqlashtirilib borilmoqda. Respublika maxsus komissiyasining qaroriga koʻra 24-mart tungi soat 00-00 dan boshlab Toshkent shahriga boshqa hududlardan kirish-chiqish taqiqlandi. Nazorat-oʻtkazuv punktlarida harbiy xizmatchilar 24 soat davomida navbatchilik qilishmoqda, karantinga olingan hududlarni qoʻriqlashni amalga oshiryapti.

Dunyo olimlari tomonidan koronavirus infeksiyasini yengishdagi eng asosiy usul sifatida ushbu kasallik tarqalishining oldini olish uchun zaruriy choralarni koʻrish bot-bot takrorlanmoqda. Toshkent harbiy okrugiga qarashli umumqoʻshin poligonida tashkil etilgan 1000 kishilik Harbiy-tibbiy gospital ana shunday maqsadlarga xizmat qiladi. Bu yerda qabul-saralash, sanitar-oʻtkazish, sanitar ishlov berish, izolyatsiya kabi boʻlimlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Gospitalda rentgen, elektrokardiografiya, ultratovush tekshiruvi, oʻpka toʻqimalarini tekshiruvdan oʻtkazish punkti, umumiy qon va peshob tahlili, biokimyoviy tahlil laboratoriyalari hamda harbiy-tibbiy mobil markaz mavjud boʻlib, kelgusida Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy-klinik gospitalining malakali shifokorlari faoliyat olib boradi. Ayniqsa, dala sharoitidagi gospitalning qabul-saralash punktida oʻrnatilgan biaboks kasallik tarqalishining oldini olishda juda samarali qurilmadir.

– Mazkur biaboksimiz oʻta yuqumli kasallikka chalingan yoki ana shu holat boʻyicha shubha qilinayotgan bemorni saqlash uchun moʻljallangan. Bunda birinchidan, tashqi muhitdagi boshqa insonlarga, ikkinchidan, shifokorlarga ham infeksiya yuqish xavfining oldi olinadi, – deydi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalining boshligʻi, tibbiy xizmat polkovnigi Xudoyqul Rahimqulov. – Bu qurilmada bemorni hatto sutkalab saqlash mumkin. Bemorga zarur muolajalarni qilish, kislorod berish, ovqatlantirish kabilar ham qurilma tashqarisidan turib amalga oshiriladi.

Shuningdek, oʻta yuqumli kasallikka chalingan bemorni bir manzildan ikkinchi manzilga yetkazishga moʻljallangan tibbiy zambil ham eʼtiborimizni tortdi.

– Ushbu zambil orqali bemorni 72 soatgacha belgilangan tibbiyot muassasasiga yetkazish imkoniyatimiz mavjud, – deydi polkovnik Xudoyqul Rahimqulov.

Mutaxassisning taʼkidlashicha, maxsus zambilda bemorga havo yetkazib beruvchi kichik qurilma mavjud boʻlib, u zaryadlanadigan batareya orqali ishlaydi. Zambilda bemor muhofazalangan holatining oʻzida unga muolaja qilish ham mumkin.

Dala oʻquv maydonining boshqa bir qismida bemorlar uchun zarur sharoitlarga ega boʻlgan chodirlar ham oʻrnatildi. Ularda karantinda saqlanayotgan fuqarolar ovqatlanishi, yuvinishi, dam olishi va boshqa qulayliklardan foydalanishi mumkin boʻladi. Shuningdek, bu yerda ona va bolalar uchun maxsus joylar tashkil etildi.

Albatta, bunday sinovli kunlarda har bir vazirlik va idora, har bir fuqarolarimiz tezroq ushbu ofatning chekinishi uchun oʻz hissasini qoʻshmoqda. Xalqimizning, “kasalni davolagandan koʻra uning oldini olgan maʼqul”, – degan naqli ayni hayotiy haqiqat. Mudofaa vazirligi Radiatsion kimyoviy-biologik muhofaza qoʻshinlari tomonidan poytamizdagi bozorlar, savdo va koʻngilochar markazlar va boshqa odam gavjum boʻladigan 20 ga yaqin obyektlarda amalga oshirilgan dizenfeksiya ishlari yurtdoshlarimizning minnatdorligiga sabab boʻldi.

Jahon tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda eng samarador usullardan biri qatʼiy intizom va belgilangan qonun-qoidalarga rioya qilish. Barcha mutasaddi tashkilotlar, jumladan, Vatan posbonlari xalqimiz manfaati, salomatligi yoʻlida xizmatda ekan, fuqarolarimiz ham ushbu kasallikning oldini olishda imkon qadar joriy tartib-qoidalarga rioya qilishlarini soʻrab qolamiz.

Bobur ESONOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti