“Chirchiq” poligonida “Kalibr” klubining dastlabki yig‘ini o‘tkazildi

0
933

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, O‘zbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan imzolangan o‘zaro hamkorlik memorandumiga asosan “Kalibr” uzoq masofalarga o‘q otish klubi ta’sis etilgan edi.

“Kalibr” klubi “Vatanparvar” tashkilotining Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi qoshida tashkil etilgan bo‘lib, klubning asosiy maqsadi ov va uzoq masofalarga o‘q otish sporti havaskorlari, O‘zbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasi bilan hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajriba almashish hamda respublika hududida uzoq masofalarga o‘q otishni ommalashtirish hisoblanadi.

“Kalibr” uzoq masofalarga o‘q otish klubi Nizomiga muvofiq, ushbu klubga faqatgina O‘zbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasiga a’zo bo‘lgan (qurol olib yurishga haqli) fuqarolar qabul qilinadi. Birlashma niqoblanish, joyga moslashish, oriyentirlanish, qiyin sharoitlarda yashovchanlik borasidagi o‘z tajriba va ko‘nikmalarini harbiy xizmatchilarga o‘rgatish bo‘yicha mahorat darslari o‘tib borishi belgilangan.

Toshkent harbiy okrugi “Chirchiq” dala-o‘quv maydonida “Kalibr” klubining dastlabki yig‘ini va musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda mudofaa vazirining jangovar tayyorgarlik bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Qodirjon Tursunov, harbiy xizmatchilar va klub a’zolari ishtirok etdi.

Qatnashuvchilar avtomat va merganlik miltig‘idan 200, 300 va 500 metr masofadagi nishonlarni yo‘q qilish bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Ishtirokchilar soni, ulardagi qiziqish va g‘alabaga bo‘lgan intilish yaqindagina tashkil etilgan klub istiqbolidan darak berib turibdi.

Shuningdek, musobaqa davomida yaqinda Turkiyaning Isparta shahrida harbiy merganlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etib qaytgan jamoamiz va klub a’zolari ishtirokida uchrashuv ham tashkil etildi.

Yakunda yo‘nalishlar bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilarga Toshkent harbiy okrugi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar berildi.

Katta leytenant Islomjon QO‘ChQOROV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti

 

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting