AHOLI – DAVLAT MUHOFAZASIDA!

32

Bugun dunyoning koʻpgina mamlakatlarida keng tarqalib borayotgan koronavirus (COVID-19) infeksiyasi afsuski, Oʻzbekistonni ham chetlab oʻtmadi.

Agar biz koronavirusga qarshi birgalikda kurashsak, bu kasallikni albatta yengib oʻtamiz! Buning uchun mamlakatimizda kasallik tarqalib ketishining oldini olish maqsadida oʻrnatilgan qoidalarga qatʼiy rioya qilishimiz shart.

Xitoy koronavirusning oʻchogʻi boʻlishiga qaramasdan xalqning uyushqoqligi, birdamlikdagi harakati, karantinga qatʼiy rioya qilishi, oʻrnatilgan tartib-intizomni muntazam ushlab turishi natijasida yaxshi tomonga oʻzgarayotganini koʻrishimiz mumkin. Nahotki biz kasallikka chalingan juda kam sonli yurtdoshlarimizni davolab, virus tarqalib ketishining oldini olishga qurbimiz yetmasa? Albatta yetadi.

2020-yil 24-martdan karantin munosabati bilan Toshkent shahriga kirish va chiqish, shahar hududida harakatlanishni chegaralash va belgilangan tartibni taʼminlash maqsadida Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va bir qator davlat idoralari vakillari yordamga jalb qilindi.

Aholi muhofazasi uchun qilinayotgan bu kabi tadbirlar oʻz navbatida xalqimiz tomonidan ijobiy munosabatlarga sabab boʻlmoqda. Zero ushbu oʻtkazilayotgan tadbirlar yurtdoshlarimizning sogʻligʻi va hayotining muhofazasiga qaratilganini barcha tushunib yetmoqda. Harbiylarimiz kechayu-kunduz hushyorlik koʻrsatishib nafaqat Vatan tinchligi, balki aholi muhofazasi uchun ham xizmatda turishibdi.

Hurmatli yurtdoshlar! Sizlarning xavfsizligingizni oʻylab qilinayotgan tadbirlarga befarq boʻlmang, vatanparvar harbiylarimiz Siz va sizning oilangiz tinchligi va salomatligi uchun shaydirlar! Ularning mehnatini qadrlang, oʻrnatilgan tartiblarga qatʼiy rioya qiling, shundagina biz albatta bunday qiyinchiliklarni birgalikda yengib oʻtamiz.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti