Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligi harbiy xizmatchilariga bayram sovgʻasi

5

Soʻnggi yillarda mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlash, qoʻshinlarning jangovar shayligini oshirish, harbiy kadrlarni tayyorlash, mustahkam ijtimoiy himoya, harbiy xizmatchilarni jismonan va maʼnan barkamol etib shakllantirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, harbiy qismlarning infratuzilmasini yana-da yaxshilash, shaxsiy tarkibni har tomonlama qulay, barcha zarur shart-sharoitlarga ega shinam xizmat xonalari bilan taʼminlash maqsadida qoʻshinlarda qurilish hamda kapital taʼmirlash ishlari jadal suratlarda olib borilmoqda.

Ana shunday ezgu ishlar roʻyobini Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligi harbiy qismlari misolida ham koʻrishimiz mumkin.

“Navroʻz” umumxalq shodiyonasi qoʻmondonlikning Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismi shaxsiy tarkibi uchun qoʻshaloq bayramga aylandi. Harbiy qismda yangidan barpo etilgan 60 oʻrinli Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi harbiy qism boshlangʻich tashkiloti xonasi va bir qator xizmat xonalari, shuningdek kapital taʼmirlangan sport majmuasi, qoʻmondonlik shtab punkti, maxsus-taktik va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik sinfi, kutubxona hamda fuqarolarni qabul qilish xonasi foydalanishga topshirildi.

Binolarning ochilish marosimida mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev, qoʻshinlar qoʻmondoni polkovnik Jurʼat Yakubov va vazirlikning bir qator masʼul ofitserlari ishtirok etib, yigʻilganlarni bayram bilan muborakbod etdilar. Harbiy qism jamoasiga mudofaa vazirining sovgʻasi topshirilgach, jangovar xizmat faoliyatida erishgan yuksak natijalari uchun bir guruh harbiy xizmatchilar faxriy yorliq bilan taqdirlandi.

Ramziy lentalar qirqilib, mehmonlar binolarni koʻzdan kechirar ekanlar, davlatimiz ramzlari, buyuk sarkardalarimiz – Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Zahiriddin Muhammad Bobur siymolari, ularning hayotiy tajribasi va harbiylik mahoratidan hikoya qiluvchi pannolar, Amir Temur shajarasi aks etgan burchak, Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbus talablarini oʻzida ifodalagan stend, shuningdek devorlariga “Vatanga qasamyod” matni va harbiy xizmatchilarning or-nomus kodeksi ilingan shinam, yorugʻ Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, belgilangan meʼyoriy-huquqiy talablar asosida jihozlangan Yoshlar ittifoqi harbiy qism boshlangʻich tashkiloti xonasi, qoʻshinlarni tezkor boshqarish uchun moʻljallangan qoʻmondonlik shtab punkti faoliyati, harbiy xizmatchilarning maxsus-taktik tayyorgarlik boʻyicha bilimlarini yana-da oshirish maqsadida aloqa, videokuzatuv va muhandislik-texnik qoʻriqlash vositalaridan iborat koʻrgazmali devoriy stendlar bilan jihozlangan oʻquv sinfi, oʻzbek va jahon adabiyoti namunalari, davriy nashrlar, elektron hamda audio kitoblar bilan boyitilgan kutubxona, maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik xonasi, shuningdek koʻrgazmali targʻibot-tashviqot materiallari va buyuk tarixiy siymolarimizning suratlari bilan goʻzal qiyofaga kirgan harbiy qism hududi alohida eʼtirof etildi.

Shu kuni harbiy xizmatchilar uchun yozgi oshxona faoliyati ham yoʻlga qoʻyildi.

Albatta, yaratilayotgan bunday shart-sharoitlar harbiy xizmatchilarning jangovar-xizmat faoliyatini yana-da samarali olib borishlari va yuqori natijalarga erishishlarida dasturulamal boʻlib xizmat qiladi.

Koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik va imtiyozlarga javoban harbiy xizmatchilar ham toifalangan obyektlarning xavfsizligini taʼminlash, ularning barqaror faoliyatini buzishga qaratilgan har qanday noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olish borasida oʻzlarining yuqori kasbiy mahoratlarini namoyon etib, mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yana-da yuksaltirishga xizmat qiladilar.

Zero, gʻamxoʻrlik hamisha olgʻa undaydi.

Kapitan Farida BOBOJONOVA, Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligi matbuot xizmati boshligʻi. 3-darajali serjant Olim BERDIYEV suratga olgan.