Mamlakatimiz mudofaa sanoati kompleksi – xavfsizlikni taʼminlovchi kuch

5

Bugun dunyodagi geosiyosiy vaziyat shiddat bilan oʻzgarayotgan bir paytda har qanday mamlakatning barqaror rivojlanishi uchun uning suvereniteti, xavfsizligi va milliy manfaatlarining kafolatlangani muhim ahamiyatga ega.

Mamlakatimizda ham harbiy qudratni yana-da mustahkamlash, mudofaa sanoati va harbiy taʼlimni rivojlantirish, qurol-aslaha va harbiy texnikalarni modernizatsiya qilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali qoʻshinlarni boshqarish tizimini takomillashtirishga erishilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 10-yanvar kuni oʻtkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisida mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yana-da yuksaltirish, milliy armiyamiz jangovar shayligini oshirish borasidagi ishlar haqida toʻxtalar ekan, oldinda turgan muhim vazifalarni ham sanab oʻtgandi. Jumladan, qoʻshinlar istalgan daqiqada oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni bajarishga qodir boʻlishi kerak. Ular jangovar tayyorgarlikning yangi tizimi boʻyicha muntazam shugʻullanib borishi, barcha harbiy xizmatchilar haqiqiy professional kadr boʻlishi uchun oʻz sohasini puxta egallashi shart ekani taʼkidlangan edi.

Shu asosda oʻtgan vaqt davomida qoʻshinlarda jangovar tayyorgarlik uchun muntazam shugʻullanish, harbiy xizmatchilarning kasb malakasini oshirish va oʻz yoʻnalishi boʻyicha vazifalarni aniq bajarishiga erishish uchun keng koʻlamli chora-tadbirlar koʻrildi. Jangovar tayyorgarlik dasturlari qayta koʻrib chiqildi, bunda, avvalo, harbiy xizmatchilarning ruhiy jihatdan chidamli boʻlishiga eʼtibor qaratildi. Qoʻshinlarni eng zamonaviy turdagi harbiy texnika va qurol-yarogʻ bilan taʼminlashga erishildi. Bularning barchasi butun dunyoda, jumladan, yon-atrofimizdagi ehtimoliy tahdidlarga qarshi munosib zarba berishga tayyor boʻlishimiz, Oʻzbekistonning tinch va barqaror rivojlanishiga erishish maqsadida amalga oshirildi.

Oʻz navbatida, mudofaa sanoati kompleksini shakllantirish va rivojlantirish, qurol va harbiy texnikalar yaratish va ishlab chiqarish, uning ilmiy-texnikaviy va harbiy-texnikaviy potensiali yetarli darajada boʻlishiga erishish milliy siyosatning mamlakat suverenitetini taʼminlash tizimidagi ustuvor harbiy-iqtisodiy vazifalardan hisoblanadi. Bu borada AQSH, Yevropaning yetakchi davlatlari, Rossiya, XXR va boshqa bir qator davlatlarda rivojlangan mudofaa sanoati iqtisodiyotning alohida tarmogʻi sifatida uning innovatsion va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishga ega muhim elementi ekanligini koʻrishimiz mumkin.

Oʻzbekistonda uzoq yillar davomida Qurolli Kuchlarni harbiy maqsadda foydalaniladigan mahsulotlar bilan taʼminlash asosan import hisobidan amalga oshirib kelingan. Bu holat mamlakat harbiy xavfsizligini taʼminlash kabi strategik yoʻnalishda xorijiy davlatlarga bogʻlanib qolishdek holatni yuzaga keltirgan edi.

Shu sababdan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qoʻmondonining shaxsan tashabbusi bilan mamlakatimizda olib borilayotgan harbiy sohadagi ilohotlar doirasida milliy mudofaa sanoati kompleksi yaratildi. Davlat mudofaa buyurtmalarini shakllantirish, mudofaa ahamiyatiga ega boʻlgan ishlab chiqarish sohasida yagona davlat siyosatini olib borishga masʼul boʻlgan davlat organi – Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati boʻyicha davlat qoʻmitasi tuzildi. Tegishli qaror va farmonlar asosida uning bir qator asosiy vazifalari ham belgilandi. Jumladan, qoʻmita davlat mudofaa buyurtmalarini shakllantirish va bajarishni taʼminlash, davlat va xoʻjalik boshqaruv organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, tashkilotlarning mudofaa sanoati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi.

Yetakchi xorijiy sheriklar bilan harbiy-texnik sohada tashqi savdo faoliyati va harbiy-texnikaviy hamkorlikni olib borish, mudofaa sanoatiga chet el investitsiyalarini jalb etish, shuningdek, mudofaa sanoati kompleksi tashkilotlarining eksport salohiyatini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni bajarish va boshqa bir qator vazifalar belgilandi.

Bugungi kunda mudofaa sanoati kompleksi asosini mamlakatimiz iqtisodiyotining turli tarmoqlari va Qurolli Kuchlarimiz tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning hamda xususiy sektorga tegishli boʻlgan 200 ga yaqin turli tashkiliy-huquqiy shaklga va faoliyat turlariga ega korxona va tashkilotlar tashkil etadi. Oʻtgan yillar mobaynida qoʻmita tomonidan mamlakatimiz sanoatining harbiy maqsadda foydalaniladigan mahsulotlarni ishlab chiqarish salohiyatini rivojlantirishni taʼminlash va milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarogʻ, jangovar texnika, maxsus vositalar va ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash boʻyicha ishlar bajarilib kelinmoqda.

Jumladan, dunyoning 20 ta davlati (BAA, Isroil, Pokiston, RF, Fransiya, XXR, Qozogʻiston va boshqa) mudofaa sanoati kompleksi korxonalari imkoniyatlari va ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar oʻrganildi. Xorijiy sheriklar bilan harbiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha 20 dan ortiq “Yoʻl xaritasi” tasdiqlanib, amalga oshirilmoqda.

Harbiy maqsadda qoʻllaniladigan mahsulotlarni ishlab chiqarishni oʻzlashtirish yoʻnalishi boʻyicha 2018-2019-yillar mobaynida samarali ishlar amalga oshirildi. Xususan, yuk va maxsus avtomobil texnikalari, harbiy maqsadda qoʻllaniladigan radioaloqa vositalari va quruq oziq-ovqat kabi koʻplab mahsulotlarni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Oʻz navbatida, ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida qoʻshimcha 200 ga yaqin yangi ish oʻrni yaratildi. Shuningdek, “Aviatsiya taʼmirlash zavodi” davlat korxonasi rekonstruksiya qilinib, toʻliq kapital taʼmirdan chiqarildi va texnologik jihatdan qayta jihozlandi. Buning natijasida korxona tomonidan koʻrsatilayotgan xizmat turlarini kengaytirish imkoni yaratildi. Jumladan, vertolyotlarning taʼmirlanayotgan jihozlari nomenklaturasi ortdi, reaktiv samolyotlarni taʼmirlash oʻzlashtirilmoqda.

Bundan tashqari, Mudofaa vazirligi kuch va vositalarini jalb qilgan holda mavjud, moddiy va maʼnaviy jihatdan eskirgan qurol-aslahalarni modernizatsiya qilish boʻyicha ishlar izchil amalga oshirilmoqda. Harbiy maqsadda qoʻllaniladigan mahsulotlar, butlovchi qism va jihozlar, eng yangi materiallar va xomashyolarni ishlab chiqarishni oʻzlashtirishga yoʻnaltirilgan ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini tashkil qilish va oʻtkazish maqsadida Mudofaa sanoati qoʻmitasining Innovatsiya texnologiyalari markazi tashkil etildi.

Taʼkidlash lozimki, yuqorida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar milliy armiyamizni zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan taʼminlashga qodir boʻlgan toʻlaqonli mudofaa sanoati sektorini barpo etish uchun yetarli emas. Yuqorida belgilangan pirovard natijalarga erishish hamda mamlakatimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlash maqsadida 2020-2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa sanoatini yana-da rivojlantirishga qaratilgan amaliy harakatlar rejasi (“Yoʻl xaritasi”) ishlab chiqilmoqda.

Unda asosiy eʼtibor Prezidentimizning 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqqan holda 2020 va keyingi yillarda Qurolli Kuchlarimizning zamonaviy qurol-aslaha, harbiy va maxsus texnika va boshqa mahsulotlarga boʻlgan ehtiyojini toʻliq taʼminlashga qaratiladi. Mahalliy ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini takomillashtirish, ishlab chiqarilayotgan harbiy maqsadli mahsulot turlari va nomenklaturasi koʻpaytiriladi. Mazkur korxonalarga turli imtiyozlar yaratgan holda mahsulotlar tannarxini tushirish va ularning eksportbopligini oshirish ham rejalashtirilgan.

Oʻtgan qisqa vaqtda harbiy qismlarning tuzilmalari toʻliq yangilandi. Samarasiz va bir-birini takrorlaydigan harbiy qismlar qisqartirildi. Natijada qoʻshinlarni saqlab turishga ketadigan xarajatlar kamaydi. Oziq-ovqat bilan taʼminlashda autsorsing tizimi joriy etildi. Bu harbiy boʻlinmalar jangovar tayyorgarligini oshirish, vaqt koʻrsatkichlarini ikki barobar qisqartirish imkonini berdi. Shu tufayli mamlakatimiz armiyasi qurolli kuchlar qudrati boʻyicha dunyo reytingida yuqori pogʻonaga koʻtarilib, bir qator xalqaro harbiy musobaqalarda harbiylarimiz yuksak natijalarni qayd eta olgani bu boradagi ishlar toʻgʻriligini isbotlaydi.

Qutbiddin BURXONOV, Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi