ASKARLAR KARANTINDA NIMA BILAN MASHGʻUL BOʻLMOQDA?

27

Xabaringiz bor, bu yilgi muddatli harbiy xizmatga chaqiruv yurtimizga kirib kelgan Koronavirus pandemiyasi sabab baʼzi muddatga qoldirilgan. Shuningdek, kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarni kuzatish ham vaqtincha toʻxtatilgan. Xoʻsh, askarlar yurtimizda joriy etilgan karantin chogʻida nima bilan mashgʻul boʻlishyapti? Ularni armiyada virusdan qanday himoya qilishyapti?

Masalan, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlarida harbiy tibbiyot vakillari tomonidan dezinfeksiya choralariga qatʼiy rioya etilib, harbiy xizmatchilar hamda harbiy shaharchalarda istiqomat qilayotgan ularning oila aʼzolarini kasallikdan himoyalash boʻyicha barcha tadbirlar uzluksiz olib borilmoqda.

Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birini misol qilib oladigan boʻlsak, karantin vaqtida muddatli harbiy xizmatchilarni maksimal darajada himoyalash choralari qoʻllanilib, ular uchun askarlar yotoqxonalarida barcha sharoitlar yaratib berilyapti. Xonalar va boshqa jihozlar maxsus dezinfeksiyalovchi suyuqlik va eritmalar bilan tozalanmoqda. Harbiy xizmatchilarning oziq-ovqat taʼminotini tashkil etishda ham olib kelinayotgan maxsulotlar dasturxonga tushishdan oldin bir necha bor dezinfeksiyadan oʻtkazilmoqda.

Jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik mashgʻulotlari toʻxtatilmagan, faqat ular harbiy qism hududidagi mashgʻulot xonalarida nazariy tarzda olib borilmoqda. Xonalarda tozalik va dezinfeksiya vositalarini qoʻllash qatʼiy nazoratga olingan.Taʼkidlash joizki, karantin sabab, muddatli harbiy xizmatchilarning ota-onalari va yaqinlari bilan koʻrishishi vaqtincha toʻxtatilgan. Harbiy xizmatchilarni tibbiyot niqoblari hamda shaxsiy gigiyena vositalari bilan taʼminlash masalasida uzilishlar boʻlmadi. Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlarida harbiy xizmatchilar oʻrtasida Covid-19 virusi, yaʼni Koronavirus bilan kasallanganlar yoʻq.

Muddatli harbiy xizmatchilarning boʻsh vaqtlarini askarlar yotoqxonalarida mazmunli va maroqli oʻtkazilishini tashkil etish maqsadida turli stol va jamoaviy oʻyinlar oʻtkazilmoqda. Kitob mutolaa qilish uchun ham sharoitlar yetarli.

Shuningdek, bir guruh shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchilar tomonidan Nukus shahrida aholi oʻrtasida tibbiyot niqoblarini va Koronavirusga qarshi kurashish boʻyicha maʼlumotlarni tarqatish aksiyalari oʻtkazilmoqda. Harbiy xizmatchilar aholi oʻrtasida karantin vaqtida uyda qolishlariga daʼvat etishyapti.

Qadrli ota-onalar! Farzandlaringiz ishonchli qoʻllarda. Havotirga oʻrin yoʻq. Harbiy xizmatda oʻgʻillaringizni pandemiyadan himoyalash boʻyicha barcha choralar qatʼiy nazorat ostida olib borilmoqda.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati