Ertadan boshlab jamoat joyida tibbiyot niqobisiz yurgan shaxslar javobgarlikka tortiladi

21

Maʼlumki, koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat aholida turli-tuman savollar paydo qilmoqda. Shunday savollarga Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi boshligʻi Sevara Oʻrinboyeva onlayn javob qaytardi:

Savol: Davlat korxonasi xodimlari karantin davrida uydan turib mehnat faoliyatini yuritishi mumkinmi?

Javob:Karantinga oid choralar amal qilishi davrida ish beruvchilar xodimlarni, ayniqsa homilador ayollar, keksalar, imkoniyati cheklangan hamda surunkali kasallikka chalingan shaxslarni, ularning roziligi bilan, masofadan turib ishlash usuliga, qulay ish grafigiga yoki uydan turib ishlashga oʻtkazishlari mumkin.

Mehnat kodeksida ham bu masala taqiqlanmagan.

Savol: Koronavirus tarqalganiga ikki oydan koʻp boʻldi. Dunyoning boshqa davlatlariga tarqalayotganini bilib, kasallikni Oʻzbekistonda tarqalishi mumkinligidan kelib chiqib, qanday choralar, shu jumladan huquqiy chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan?

Javob:Bu borada Koronavirusni oldini olish boʻyicha respublika komissiyasi tashkil etildi. Shuningdek, yanvar oyidayoq klinik va epidemiologik koʻrsatkichlari boʻyicha koronavirus bilan kasallangani gumon qilingan, gripp va boshqa oʻtkir respirator kasalliklarning ogʻir shakliga chalingan bemorlar koʻrsatilgan virus turiga majburiy tartibda diagnostikadan oʻtkazilishi, koronavirus boʻyicha epidemik osoyishtalikkacha boʻlgan davrda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarida koronavirus diagnostika vositalarining zarur zaxiralari yaratildi.

15-mart kuni, yaʼni birinchi kasallik holati aniqlangan kuni, Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov koronavirus infeksiyasi kirib kelishining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish maqsadida shoshilinch yigʻilish oʻtkazdi va qator zarur tadbirlar belgilandi. Jumladan taʼlim muassasalari yopildi, ommaviy tadbirlar bekor qilindi, xorijiy davlatlar bilan avia va avtomobil qatnovlari toʻxtatildi v.h.

Savol:Oʻzbekitonda Covid-19 virusini qasddan tarqatish va epidemiya vaqtida tibbiyot xodimlariga shikast yetkazganlik uchun javobgarlik belgilanganmi?

Javob:Oʻz xizmat yoki fuqarolik burchini bajarayotgan shaxslarga nisbatan noqonuniy harakatlarni sodir etish javobgarlikka jinoiy sabab boʻladi.

Albatta, boshqalarga zarar yetkazuvchi har qanday hatti-harakat, shu jumladan virusni qasddan tarqatish ham javobgarlikdan xoli emas.

Savol: Karantinga qarshilik koʻrsatishyoki belgilangan tartibni buzish javobgarlik keltirib chiqaradimi?

Javob:Ha, bunday harakatlar uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik mavjud.Bunday shaxslarga katta miqdorda jarima, shuningdek ozodlikdan mahrum qilishgacha boʻlgan jazolar tayinlanishi mumkin.

Savol:25-mart kuni soat 6:00 dan boshlab jamoat joylarida niqobsiz boʻlgan shaxslarga –223 ming soʻm miqdorida, mazkur holat yana qaytariladigan boʻlsa –669 ming soʻm miqdorida jarima qoʻllanilishi aytilayapti. Buning huquqiy asosi bormi?

Javob:Albatta, ushbu talablarga rioya qilmaslik Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga koʻra, Sanitariya qonun hujjatlarini, karantin qoidalarini buzilishiga sabab boʻladi, amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlik qoʻllanilishiga sabab boʻladi.