O‘zbekiston davlat drama teatri san’atkorlari harbiy okrugda

0
967

Oʻzbekiston davlat drama teatri sanʻatkorlari jamoasi Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug  tasarrufidagi harbiy qismlar boʻylab gastrol safarlari uyushtirib, spektakl va konsert dasturlari namoyish etmoqda. Buxoro shahrida, shuningdek, Muborak hamda Nuriston garnizonida joylashgan harbiy qismlardan soʻng sanʻat ahlining navbatdagi manzili okrug boshqaruv apparati boʻldi.

Dastlab mehmonlar okrugda harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Qishki va yozgi kutubxonalar, ayniqsa, okrug shonli tarixi muzeyi boʻylab qilingan sayohatlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Shundan so‘ng el ardog‘idagi aktyor va aktrisalar tomonidan okrug boshqaruv apparati madaniyat saroyida harbiy xizmatchilar hamda Qurolli Kuchlar xizmatchilari uchun Joʻra Mahmudov qalamiga mansub, Hamida Mahmudova sahnalashtirgan “Sadoqat” spektakli namoyish etildi.

Tomoshabin urush yillarining ogʻriqli lahzalarini o‘zida aks ettirgan asar qahramonlari dardi bilan gʻamga botib, quvonchidan quvonadi, oʻzga olamga gʻarq boʻladi. Mohir ijodkorlar ijrosi esa yig‘ilganlarni tinchlikning qadriga yetish haqida yana bir bor o‘ylarga cho‘mishga undaydi.

Gastrol yakunida okrug qoʻmondonligi tomonidan mehmonlarga minnatdorchilik bildirildi. Bu kabi tadbirlar harbiy xizmatchilarga maʻnaviy ozuqa boʻlishi barobarida ruhiy zoʻriqishlar yechimi uchun xizmat qilayotgani bilan ham ahamiyatlidir.

Janubiy-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting