Hamkorlikka chaqiramiz! Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligiga munosib hissa qoʻshing

23

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-oktyabrdagi
“Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligini munosib nishonlash toʻgʻrisida”gi 4495-sonli Qarori asosida Toshkent shahar, Olmazor tumanida Gʻalaba bogʻi hamda uning hududida “Shon-sharaf muzeyi” bunyod etilmoqda.

Muzeyda Ikkinchi jahon urushida erishilgan olamshumul gʻalabaga Oʻzbekiston xalqining qoʻshgan ulkan hissasi aks ettiriladi hamda yurtdoshlarimizning jang maydonlarida va front ortidagi matonati, mardligi, jasorati va fidoyiligi, insonparvarligi va bolajonligi koʻrsatib beriladi.

Aziz vatandoshlar!

Muzey ekspozitsiyalar fondini shakllantirish va boyitish uchun Ishchi guruhiga amaliy yordam berishingizni soʻraymiz.

Siz Ikkinchi jahon urushi frontlarida jang qilgan va front ortida mashaqqatli mehnat qilgan vatanparvar yurtdoshlarimiz faoliyati haqida maʼlumot beruvchi ashyolarni muzeyga topshirish orqali uning eksponatlari fondini yana-da boyitishga va ajdodlar nomini abadiylashtirishga munosib hissa qoʻshgan boʻlasiz.

Siz muzeyga topshirgan ashyolar mutaxassislar tomonidan qabul qilinadi hamda qahramon haqidagi maʼlumotlar qayd qilinib, yoʻnalishi boʻyicha ekspozitsiyaga joylashtiriladi. Shuningdek, front va front ortida fashizm balosiga qarshi kurashgan ajdodlarimiz haqidagi toʻliq maʼlumotlar oʻzbek, rus va ingliz tillarida muzeyning Axborotlar bazasiga joylashtiriladi.

“Gʻalaba bogʻi” va “Shon-sharaf” muzeyi 2020-yilning 9-may kuni arafasida foydalanishga topshiriladi.

Eksponatlar qabul qilinayotgan manzil: Toshkent shahar, Yunusobod tumani 9-daha, Rixsiliy koʻchasi 9-uy. Toshkent davlat yuridik universitetining ixtisoslashtirilgan filiali (sobiq Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Maxsus fakulteti binosi).

Moʻljal: Zenit zavodi va Korzinka.uz supermarketi.

Shuningdek, uzoq viloyat va tumanlardagi fuqarolarimiz oʻz ashyolarini joylardagi mudofaa ishlari boshqarmalari va boʻlimlari orqali ham topshirishlari mumkin.

Murojaat uchun telefonlar:

71. 269-87-93; 269-87-83; 262-82-28; (99) 303-59-38 (Telegram)

Hamkorlik uchun oldindan minnatdorchilik bildiramiz.