Harbiylar va yoshlar uchrashuvida shoira Zulfiyaxonim ijodi haqida soʻz yuritildi

13

1-mart oʻzbek xalqining sevimli shoirasi, taniqli jamoat arbobi Zulfiyaxonim tavallud topgan kun. Shoira 17 yoshida “Hayot varaqlari” nomli ilk sheʼrlar toʻplamini yozgan edi. Uning sheʼrlari rus, ingliz, nemis, hind, bolgar, xitoy, fors va boshqa tillarga tarjima qilingan.

Bugungi kunda Zulfiyaxonim tavalludi munosabati bilan uning ijodiga bagʻishlangan turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Xususan, Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligining Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismi tashabbusi bilan poytaxtimizning Yunusobod tumanida joylashgan 274-sonli umumtaʼlim maktabida oʻquvchi yoshlar bilan uchrashuv oʻtkazildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari ishtirok etib, Zulfiya ijodi, uning oʻttizga yaqin sheʼriy toʻplami, oʻndan ortiq dostoni, tinchlik haqidagi sheʼrlari, hijron azobidan faryod chekuvchi lirikasi haqida soʻz yuritdilar.

Oʻquvchi yoshlar tomonidan shoira ijodidan namunalar oʻqildi, uning hayoti haqida hikoya qiluvchi sahna koʻrinishlari namoyish etildi.

Shuningdek, tadbir davomida Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoira Gulchehra Shahobiddin qizining “Onajon, kechir” kitobi taqdimoti ham oʻtkazildi.

– Maqsadimiz, harbiy xizmatchilar bilan bir qatorda, oʻquvchi yoshlarni ham ijodkorlikka undash, ularni oʻzbek adabiyotining yuksak namunalari bilan tanishtirishdan iborat. Oʻylaymanki, bugungi tadbirda barcha qatnashchilar Zulfiyaxonim ijodining naqadar nafis, buloq suvidek begʻubor ekaniga yana bir bor amin boʻldilar, – deydi serjant Hilola Qodirova.

Bu kabi tadbirlar respublika boʻylab qoʻmondonlikning barcha harbiy qismlarida oʻtkazilmoqda.

Farida BOBOJONOVA, Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligi matbuot xizmati