Harbiy xizmatchilar «Yashil makon» umummilliy loyihasida faol ishtirok etmoqda

0
749

Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismlar harbiy xizmatchilari hududlardagi yo‘l va ariq bo‘ylari, bo‘sh turgan va tashlandiq joylarni ko‘kalamzorlashtirish, yangi bog‘lar yaratish hamda yashil hududlarni kengaytirish borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda.

Xususan, Toshkent shahar Yunusobod tumani, Navoiy viloyati Uchquduq tumani, Zarafshon va Navoiy shahrida joylashgan harbiy qismlar harbiy xizmatchilari faol yoshlar ishtirokida «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida mingdan ortiq  mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekdi. 

Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tish kerakki, mazkur obodonlashtirish ishlarida suvsizlikka chidamli, ekologik jihatdan foydali bo‘lgan yong‘oq, bodom, qayrag‘och, jiyda, qrim sasnasi, archa, va chinor kabi ko‘chatlar ekish uchun ma’qul tanov sifatida ko‘rilmoqda.

 

Bu kabi tadbirlar yurtimiz chiroyiga chiroy qo‘shish barobarida, atrof-muhitni toza havo bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli Buxoro garnizonida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari “Yashil makon” aksiyasi doirasida Buxoro tuman va shahar atroflarida turli xil manzarali daraxt koʻchatlarini oʻtqazib, yurtimiz obodligiga o’z hissalarini qoʻshmoqda.

Bugunning o‘zida 1,2 mingdan ortiq tut, archa, qarag‘ay, pavloniya kabi daraxtlar ekilgan.

Toshkent harbiy okrugiga qarashli “Chirchiq” dala o‘quv maydonida esa harbiy qism harbiy xizmatchilari, Chirchiq shahar harbiy prokuraturasi hamda Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti xodimlari tomonidan 500 tup daraxt ekildi.

Ko‘kalamzorlashtirish ishlari janubiy sarhadlarimizda ham faol amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Termiz” umumqo‘shin dala o‘quv poligonida Aloqachilar bataloni harbiy xizmatchilari ushbu ezgu ishga o‘z hissalarini qo‘shdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti