Turkiyada jonbozlik ko‘rsatgan o‘zbekistonlik harbiylar e’tirof etildi

0
1176

Bugun, 25-aprel kuni Turkiya prezidenti tashabbusi bilan mamlakatdagi zilzilalar oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan xorijliklarga Turkiya Respublikasi Davlat Oliy fidokorlik medali va esdalik nishonlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakat rahbariyati tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda jonbozlik ko‘rsatgan 100 ga yaqin davlat vakillarini tantanali tadbirga taklif etdi. Marosimda Turkiya vitse-prezidenti Fuat Oktay O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi harbiy attashesi Shuhrat Ikramov va Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakili polkovnik Ismoil Sharipovga esdalik nishonlarini topshirdi va o‘zbekistonlik harbiylar qutqaruv-qidiruv ishlarida katta fidokorlik bilan qatnashgani hamda namuna ko‘rsatganini e’tirof etdi.

Ma’lumki, joriy yilning 6-fevral kuni Turkiya hududida kuchli zilzilalar sodir bo‘lgan edi. Ushbu zilzilalar oqibatlarini bartaraf etish uchun dunyoning 100 ga yaqin davlatidan qutqaruvchi va ko‘ngillilar yuborilgandi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan mamlakatdagi talafot oqibatlarini bartaraf etishda yordam berish maqsadida 8-fevral kuni  Mudofaa vazirligining 71 nafar malakali harbiy xizmatchilaridan iborat tibbiy otryadi Turkiya Respublikasiga yuborilgan va ular 24 kun davomida qutqaruv-qidiruv ishlarini olib borgandi.

O‘zbekistonlik harbiylar qariyb bir oy davomida zilzilalardan jabr ko‘rgan turk xalqiga yordam ko‘rsatib, ularning og‘irini yengil qilishda kamarbasta bo‘ldi. Shu vaqt ichida ular jami 4 ming 325 nafar bemorga tibbiy yordam ko‘rsatdi, shundan, 2 mingdan ortig‘ini erkaklar, 1 ming 476 nafarini ayollar va 1354 nafarini esa bolalar tashkil etdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti