Markazda navbatdagi bitiruv tantanasi boʻlib oʻtdi

15

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari kichik mutaxassislarni tayyorlash markazida kursantlarning navbatdagi tantanali bitiruv tadbiri boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Aybek Saidov, Mudofaa vazirligi kadrlar bosh boshqarmasi boshligʻi polkovnik Farhod Shermatov, Samarqand viloyati “Nuroniylar” jamgʻarmasi kengashi vakillari, faxriylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar hamda bir guruh yoshlar ishtirok etdi.

Soʻzga chiqqanlar harbiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida gapirar ekan, yurtimizda kichik mutaxassislarni tayyorlashning zamon talablariga javob beradigan samarali tizimi yaratilganligi, natijada esa yuksak nazariy va amaliy bilimlarga ega boʻlgan harbiy xizmatchilar oʻz bilimi, malakasi va mahorati bilan Qurolli Kuchlar saflaridan munosib oʻrin egallayotganligini alohida taʼkidlab oʻtishdi.

Shundan soʻng, 450 nafar kursantga sertifikat va koʻkrak nishonlari topshirildi, ulardan 180 nafari esa navbatdagi “kichik serjant” harbiy unvonini oldi.

Tadbirda kursantlarning qoʻl jangi boʻyicha koʻrgazmali chiqishlari, Samarqand viloyati Hamid Olimjon nomidagi drama teatrining sahna koʻrinishlari va konsert dasturi namoyish etildi.

Shuningdek, tadbirda kursantlar tomonidan innovatsion yondashuv asosida yaratilgan “Koʻchma texnik xizmat koʻrsatish uskunasini” dala sharoitlarida foydalanish tartiblari ham koʻrsatildi.

Tadbir soʻngida markazga biriktirilgan nuroniylar, faxriylar va bir guruh yoshlarbayramona dasturxoni atrofida oʻzaro suhbatlashishdi.

Kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Xayrullo ULMASOV,markaz press-attashesi