Harbiy oila bekalari ishtirokida keng qamrovli uchrashuvlar oʻtkazilmoqda

10

Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari va xotin-qizlar bilan ishlash boʻyicha bosh mutaxassisi Zulfiya Mansurova boshchiligidagi ishchi-guruh tomonidan Markaziy harbiy okrug harbiy qism va harbiy shaharchalarida oilalar totuvligiga bagʻishlangan qator maʼnaviy-maʼrifiy tadbir va uchrashuvlar oʻtkazilmoqda.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Kichik mutaxassislarni tayyorlash markazida oʻtkazilgan navbatdagi tadbir ana shunday saʼi-harakatlar sirasiga kiradi.

Uchrashuvda oiladagi maʼnaviy-axloqiy muhitning jamiyat rivojidagi ahamiyatiga alohida urgʻu berilar ekan, oilaboshi xizmat burchini oʻtayotgan chogʻida farzandining taʼlim-tarbiyasi bilan ayolning oʻzi shugʻullanishiga toʻgʻri kelib qolishi mumkinligi aytildi. Ularni jismonan va ruhan sogʻlom, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, kelajagimizning munosib vorislari etib voyaga yetkazishda bor mehrini ayamaslikka chaqirdi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga soʻz berilib, mavjud muammolar borasida fikr-mulohazalar tinglandi. Takliflar oʻrganilib, tegishli xulosalar qilindi.

Shuningdek, ishchi-guruh harbiy shaharchada harbiylarning oila aʼzolari bilan yaqindan muloqotda boʻlib, ularning yashash sharoiti, turmush tarzi bilan tanishdi. Yaratilayotgan imkoniyatlardan unumlifoydalanish toʻgʻrisida atroflicha tushuntirish ishlarini olib bordilar.

Darhaqiqat, bugungi kunda harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolariga davlatimiz tomonidan muntazam eʼtibor qaratilib kelinmoqda. Xususan, harbiy shaharchalarda umumtaʼlim va maktabgacha taʼlim muassasalari, yashash uchun barcha sharoitlarga ega boʻlgan koʻp qavatli uy-joylar, bolalar uchun maxsus sport kompleksi va oʻyingohlar bunyod etilib, foydalanishga topshirilmoqda. Bundan tashqari, harbiy oila bekalarining bandligini taʼminlash borasida ham samarali chora-tadbirlar amalga oshirilayotir.

Bu kabi eʼtibor va gʻamxoʻrliklar yoshlarda harbiy xizmatga boʻlgan qiziqish va ishtiyoqni yana-da oshirib, orzu-istaklarining ushalishi hamda tinch-totuv va farovon yashashida muhim omil boʻlmoqda.

Muhammadjon XOʻJAYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti