Xorazm yoshlari bilan kursantlar oʻziga xos targʻibot tadbirlari olib borishdi

1038

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan qator tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda.

Navbatdagi tashabbus batalyon komandiri podpolkovnik Bekzod Urazov boshchiligidagi bir guruh kursantlar ishtirokida amalga oshirildi. Ular Xorazm viloyati Yangiariq tumanida joylashgan Mahmud az-Zamahshariy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatida boʻlib, oʻquvchilar bilan oʻzaro suhbat va koʻrgazmali mashgʻulotlar uyushtirdi.

Dastavval, tadbir ishtirokchilariga Qurolli Kuchlar akademiyasi haqida batafsil maʼlumotga ega boʻlishlari uchun maxsus videorolik qoʻyib berildi.

Shundan soʻng, Yangiariq tumani hokimligi vakillari, tuman mudofaa ishlari boʻlimi xodimlari, maktab direktori hamda harbiy xizmatchilar kuzatuvida “Men ham kursant boʻlaman!” nomli tanlovga start berildi.

Birinchi boʻlib kursantlar tomonidan safda harbiy xizmatchilarning qurolsiz harakatlari namoyish qilindi. Jangovar qurollarni notoʻliq qismlarga ajratish va qayta yigʻish boʻyicha mahorat darslari ham oʻquvchilarda katta qiziqish uygʻotdi.

Tadbir kursantlar va oʻquvchi yoshlar oʻrtasida voleybol, basketbol hamda armrestling boʻyicha ommaviy sport bellashuvlariga ulanib ketdi.

Oʻquvchilar ham kursantlarga javoban oʻzlari tayyorlagan qoʻl jangi koʻrgazmali chiqishlarini namoyish qilib, harbiy xizmatga boʻlgan qiziqishlarini yana bir bor isbotladilar.

Kursantlar qishki taʼtil davomida joylarda umumtaʼlim maktablari va maktabgacha taʼlim tashkilotlarida targʻibot tadbirlarini davom ettirmoqda.

Muhammad XOʻJAYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti