Forishda yoʻriqchi serjantlari bilan oʻquv-uslubiy yigʻin oʻtkazilmoqda

0
1101

Markaziy harbiy okrug “Forish” poligonida Mudofaa vazirligi yoʻriqchi serjantlari bilan oʻquv-uslubiy yigʻin oʻtkazilmoqda.

Mazkur yigʻin davomida yoʻriqchi-serjantlar nafaqat togʻ tayyorgarligi, balki yaradorlarni jang maydonidan olib chiqish, ularga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, topografiya, aloqa, qurollardan otish kabi bir-biridan murakkab yoʻnalishlaru jismoniy tayyorgarlik sinovlaridan oʻtmoqda.

Yigʻin davomida yoʻriqchi serjantlar oʻtgan vaqt ichida soha boʻyicha egallagan koʻnikmalariga tayanib, vazifalarni bajaryapti. Muhimi, har bir vazifa ishtirokchilarning nimalarga qodir ekanini amalda isbotlash imkonini bermoqda.

Har bir oʻquv joyida yetakchi mutaxassislaru malakali ofiserlar bilan kechayotgan ochiq muloqot, bevosita almashilayotgan fkr-mulohazalar ishtirokchilarning soha boʻyicha tajriba almashish, bilganlarini esa mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Mazkur yig‘in harbiy xizmatchilarning kasbiy mahoratlarini yanada oshirish, jangovar tayyorgarlik tadbirlarini sifatli va samarali tashkillashtirish hamda oʻtkazishga alohida eʻtibor qaratilgani bilan ahamiyatli. Shundan kelib chiqib, yoʻriqchi serjantlar bilan olib borilayotgan oʻquv-uslubiy yigʻindagi amaliy mashgʻulotlar davomida zamonaviy jang olib borish usullari-yu harakatlanish taktikalari oʻrgatilmoqda.

Serjantlar tarkibi yigʻin yakuniga qadar otish, harbiy-tibbiy, texnik, muhandislik, aloqa, togʻ tayyorgarligi, harbiy topografiya hamda umumqoʻshin janglarida ARTni tashkillashtirish kabi keng mutaxassislik doirasida bilim va amaliy koʻnikmalarini oshirishlari rejalashtirilgan.

Roʻziqul OCHILOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti